Home / IQTIDORLI TALABALAR / Partalar “so’zlaganda”

Partalar “so’zlaganda”

Maktab bizning eng qadrli maskanlarimizdan biri. Bolalikdagi shirin xotiralar maydoni. Birinchi o’qituvchi, birinchi do’st, birinchi yutuq. Birinchilar qatorini yana davom ettirishimiz mumkin. Lekin men maktab haqida yozmoqchi, maktabga ta’rif bermoqchi emasman. Ko’p yillardan buyon meni bir narsa o’ylantiradi. Bu mavzudagi fikrlarimni Sizga ham bildirib o’tishni joiz deb bildim.

         Qo’ng’iroq chalindi va dars boshlandi. O’qituvchi o’quvchilarga yangi mavzuni tushuntirib bermoqda. Barcha fikrini jamlab, mavzuni diqqat bilan tinglamoqda. Ammo Dilnozaning hayoli partadagi yozuvda. “Sevara seni yaxshi ko’raman”, “Temur zo’r”, yana bir tomonda “9 A zo’r”. Dilnoza bu yozuvlarni o’qir ekan, yangi mavzuni tushunmay qoldi. Bu kabi holatlar ko’pchiligimizning boshimizdan o’tgan. Partadagi so’zlarni o’qish bilan birga oramizda “yozuvchilik” qilganlar ham bo’lsa kerak. Lekin bularning kimga foydasi bor. Barchamiz maktab o’quvchisi bo’lganmiz. Zararini ko’rganimiz aniq, ammo foydasini ko’rmaganmiz.

         Maktabda o’qib yurgan kezlarim partadagi yozuvlarni ko’rib, o’ylanib qolardim.   Axir bu davat mulki bo’lsa. Biz mana shunday keng, yorug’, barcha shart-sharoitlari mavjud maskanda ta’lim olmoqdamiz. Qachonlardir bobolarimiz, momolarimiz maktabga borishni orzu qilishgan, maktab bo’lganda ham qorong’u, zax, kichkina xonalarda o’qishgan. Nega tengdoshlarim bunday ma’naviyatsizlik qilishadi. Ba’zida partadoshim yozayotganida gapirganimda, bunday qilmaslik kerakligini aytganimda “Seni ishing bo’lmasin, menga maslahating kerak emas” , deb “aqllilik” qilardi.

         Maktabni bitirib, kollej va litseylarda o’qishni davom ettiramiz, kasb va hunar egallaymiz, bilimlarimiz oshib, dunyoqarashimiz kengayadi. Dars jarayoni vaqtida yana partadagi “sevgi izhorlari” yu, ismlarini yozib maqtanishlar, telefon raqamlar va hattoki “ajoyib” qilib chizilgan “suratlar” ga ko’zimiz tushadi. Maktabdagi so’zlarni bolalikdagi sho’hliklar deb hisobladik ham deylik, ammo kollej va litsey partalariga bitilgan “san’at asarlari” ga nima deb baho berishimiz mumkin?…

Termiz davlat universiteti

Pedagogika fakulteti 1-bosqich

Talabasi Inobat Karimova