Home / TALABALAR IJODIDAN / Hakim Termiziy

Hakim Termiziy

Biz tug’ilib o’sgan ko’hna diyorimiz dunyoga ne-ne mutafakkirlarni, donishmandlarni, ma’naviyati buyuk komil insonlarni tarbiyalab berdi. Kamolotda yuksak shaxslardan Hofiz-ul Qur’on va olim, mashhur mutasavvuf, muhaddis Hakim Termiziy o’z davrida diniy va falsafiy bilimlarni chuqur egallab, dunyo hikmatlarini to’la o’zlashtirdi.Barcha insonlarni bu hikmatlardan bahramand etib, ezgulikka chorladi. Natijada “al-Hakim”, ya’ni “(borliqdagi) hikmatni egallagan zot” nomi bilan tanilganlar.

           Manbalarga qaraganda u zotning onalari va bobolari ham hadis ilmining yetuk bilimdonlari bo’lishgan. Xulosa qilishimiz mumkinki, Hakim Termiziy ilm-ma’rifat yuksak o’rin egallagan xonadonda dunyoga kelib, tarbiya topgan, ulg’aygan.Shu asosda ul zotning ma’naviy dunyosi va ilmiy tafakkuri yuqori darajada shakllangan.

             Fariduddin Attorning yozishicha, Hakim Termiziy ikki o’rtog’I bilan Bag’dodga borib ta’lim olishni niyat qilib yo’lga tushmoqchi bo’lganda, onasi betob bo’lib qoladi va o’g’liga: “Ey, o’g’lim! Men bir mushtipar,zaifa ayol bo’lsam, menga sendan bo’lak boshpanoh bo’lib yordam beradigan biror kimsa bo’lmasa, mening butun borlig’im faqat sen bilan bog’liq bo’lsa. Sen meni kimga tashlab ketmoqchisan?”- deb unga iltijo qiladi. Volidasining so’zlari Hakim Termiziyga qattiq ta’sir qilib, bu safardan voz kechadi. Ushbu voqeadan ma’lum vaqt o’tgach, Hakim Termiziy Bag’dodga bora olmasligini o’ylab afsuslanib, xafa bo’lib turganida, uning yonida nuroniy Shayx paydo bo’ladi.Uning xafaligining sababini so’raydi. Al-Hakim voqeani aytib bergach, Shayx unga har kuni turli ilmlardan saboq berishini aytadi. Hakim Termiziy mamnunlik bilan rozi bo’ladi.Hakim Termiziy yillar davomida Shayxdan saboq oladi.

             Keyinchalik aniq bo’lishicha, Hakim Termiziyga saboq bergan zot Xizr alayhissalom ekanlar. Hakim Termiziyning bunday saodatga erishishiga volidasining duosi sababdir.

             Bashariyatni ezgulik ilmlaridan bahramand etgan, barchani insoniylik yo’liga chorlagan buyuk alloma bobolarimizning hayot yo’li ibratlidir. Bunday ulug’ zotlarning ilmlaridan o’rnak olib, qalblarimizni ezgulik nuri bilan yoritish ham insoniylik burchimizdir.

Pedagogika fakulteti Tasviriy san’at va muhandislik

grafikasi yo’nalishi  3-kurs 311-guruh talabasi

Sharipova Dilafro’z