Home / Maqola / Terrorizm va diniy ekstremizm

Terrorizm va diniy ekstremizm

Mavzu: Xalqaro terrorizm va diniy ekstremizm – taraqqiyot dushmani.

Bugun dunyo hamjamiyatini jiddiy tashvishga solayotgan, yer yuzida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikka tahdid qilayotgan illatlardan biri terrorizm, diniy ekstremizm va aqidaparast­lik ekanligi hech kimga sir emas. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda 200 dan ortiq terroristik va yana shuncha ekstremistik guruhlar mavjud. Jumladan, bizning mintaqamizda ham dinni niqob qilib olgan ekstremistik kuchlar va terrorchi to‘dalar soxta g‘oyalar bilan yoshlarimizni yo‘ldan ozdirishga uringanlari, hozir ham g‘arazli maqsadlari yo‘lida pana-panada qimirlab turganlari ma’lum. Xo‘sh, bu terrorchi to‘dalar va ekstremistik oqimlar qayerdan paydo bo‘ldi? Ularning asl maqsadlari nima, soxta g‘oyalar ortida nimalar yotibdi? Bu savollarga javob topish uchun terrorizm, ekstremizm va aqidaparastlik tushunchalari mohiyatiga nazar tashlash kifoya.

Ma’lumki, bu tushunchalar jamiyatda qabul qilingan qonun-qoidalarga mos kelmaydigan va ularga zid bo‘lgan g‘oyalar va harakatlarni ifodalaydi. “Terror” – “qo‘rqitish”, “dahshatga solish” ma’nosini anglatadi. G‘arazli maqsad yo‘lida odamlar joniga qasd qilish, ularni garovga olish, vahimaga solish va qo‘rqitish, portlatish singari harakatlar terrorizm ko‘rinishlaridan hisoblanadi.Qandaydir bir yo‘nalishni buzib tal­qin qilish orqali siyosiy maqsad – hokimiyatni qo‘lga olishga urinish esa ekstremizmga olib keladi. Terrorizm va ekstremizm qanday nomlanmasin, qanday ko‘rinishga ega bo‘lmasin ularning asosiy maqsadi jangari guruhlarni shakllantirish orqali hokimiyat tepasiga kelishdan iboratdir.
Mintaqamizda diniy ekstremizm va oqidaparastlik tushunchasi allaqachon tom ma’noda hokimiyat yoki boshqa biror g‘arazli maqsad uchun kurashuvchi ijtimoiy siyosiy guruh va oqimlarga tegishli bo‘lib qolgan.

Diniy ekstremizm o‘zining ikki xususiyati bilan ajralib turadi:- Ularning aqidalariga ko‘ra, go‘yo barcha hozirgi zamon musulmon jamoalari islomiy tuslarini yo‘qotganlar va johiliyat (islomdan avvalgi) asri jamiyatlariga aylanganlar. Bunday yondashuv hukumat va uning siyosatini tanqid qilishga asos bo‘lib xizmat qiladi;

 – Ular go‘yo faqat o‘zlari “haqiqiy musulmonlar”, ya’ni ular o‘zlari hokimiyat tepasiga kelgach, barpo bo‘lajak “islomiy tartibni” o‘rnatish uchun keskin va agressiv harakat qilish zarur deb hisoblaydilar. Bu esa ochiqdan ochiq terror va ekstremizmning asosidir. Aslida ekstremizm va aqidaparastlik g‘oyalarining maqsadi diniy qadriyatlarni qayta tiklash emas. Aksincha, dindan jozibali g‘oya sifatida foydalanib, g‘arazli maqsadlariga niqob qilgan holda diniy va millatlararo nizolarni vujudga keltirish, oxir-oqibatda esa hokimiyatni qo‘lga kiritishdir.

Bugun jahon taraqqiyparvar xalqlari, siyosatshunos olimlar terrorchi va ekstremistik oqimlarning paydo bo‘lishi aslida ayrim qudratli davlatlarning geopolitik siyosati oqibati ekanligini ochiq e’tirof etmoqdalar. Haqiqatdan ham ,birinchi Prezidentimiz o‘z asarlarida ko‘p bora ta’kidlaganlaridek, ayrim davlatlar o‘z geopolitik manfaatlarini himoya qilish, ta’sir doiralarini kuchaytirish maqsadida katta mafkuraviy kuchga ega bo‘lgan g‘oyaviy markazlar imkoniyatlaridan keng foydalanmoqdalar. Oqibatda turli mintaqalarda, jumladan bizning Markaziy Osiyo mintaqamizda ham yosh mustaqil davlatlar mustaqilligi va barqarorligiga, odamlar, ayniqsa yoshlar qalbi va ongini egallashga qaratilgan mafkuraviy tahdidlar kuchayib ketdi. Biroq bu manfur oqimlar o‘z g‘arazli maqsadlarini qanchalik niqoblamasinlar razil maqsadlariga erisha olmadilar.

Shuning uchun ham biz yanada ogoh bo‘lishimiz, mafkuraviy-g‘oyaviy tarbiya, targ‘ibot choralarini kuchaytirishimiz va samaradorligini oshirishimiz zarur bo‘ladi. Keyingi yillarda bu borada bir qator ijobiy natijalarga erishdik. Xususan, birgina o‘tgan yilning o‘zida tarmoq korxona va tashkilotlarida, nazorat osti hududi aholi istiqomat joylarida, maktab, kollej va boshqa o‘quv yurtlarida 100 dan ortiq uchrashuvlar, suhbatlar va seminar-treninglar o‘tkazildi. Bu uchrashuvlarda huquqshunos olimlar, mutaxassislar, din ulamolari, mehnat faxriylari ishtirok etib, yoshlarga ekstremizm va terrorizm oqibatlari haqida ma’lumotlar berdilar. Ammo, hamon yoshlarimiz orasida yot oqim va g‘oyalar ta’siriga berilish holatlari uchrab turibdi. Bu bilimsizlik oqibatidir. Agar biz ularning ongu shuurini yetarli bilim bilan boyita olsak, ma’naviyatini but qila olsak, ular boshqa yo‘llarga hech qachon kirib ketmaydi. Buning uchun eng avvalo biz hammamiz hamisha ogoh va hushyor bo‘lishimiz kerak. Faqat huquqni himoya qilish tashkilotlari yoki ta’lim tizimi xodimlarigina emas, balki “Ma’naviyat va ma’rifat” markazlari, “Kamolot” yoshlar harakati, davlat va nodavlat tashkilotlari, barcha siyosiy partiyalar hamjihatlikda mafkuraviy-g‘oyaviy ishlarni jonlantirishimiz, uning har bir mahalla, maktab, o‘quv yurti, oilaga kirib borishiga erishishimiz zarur. Yoshlarimizga biz dunyoviy davlat, fuqarolik jamiyati barpo etayotganimizni, ammo mamlakatimizda barcha dinlar ravnaqi va rivoji uchun lozim bo‘lgan shart-sharoitlar mavjudligini teran tushuntirishimiz lozim. Demak, fuqarolar, ayniqsa yoshlarimizda yuksak huquqiy madaniyatni shakllantirish mafkuraviy tarbiyaning, targ‘ibotning muhim sharti ekanligini hamisha yodimizda tutishimiz zarur.

Xulosa qilib aytish mumkinki, tinchlik, totuvlik va ijtimoiy siyosiy hayotimizdagi barqarorlik xalqimizning eng katta yutug‘i bo‘lib, u butun e’tiborni, kuch-g‘ayratni tub islohotlarni muvaffaqiyatli olib borishga qaratish imkoniyatini bermoqda. Shunday ekan, ana shu barqarorlik, tinchlikni asrash, ular uchun mustahkam zamin yaratish va hamisha ogoh bo‘lish har birimizning burchimizdir.

 Bojxona xizmati kapitani                       Sh.Chorshanbiyev