Home / Maqola / Vatanparvarlik

Vatanparvarlik

Vatanparvarlik haqida so‘z yuritishdan avval Vatan tushunchasiga izoh berish maqsadga muvofiq. Vatan aslida arabcha so‘z bo‘lib, ona yurt ma’nosini anglatadi, shu ma’noda olib qaraydigan bo‘lsak, O‘zbekiston – o‘zbek xalqining vatani, muqaddas sajdagohidir:

Vatan – bu inson va uning avlod-ajdodlari kindik qoni to‘kilgan muqaddas dargohdir. Vatan – bu ajdodlar maskani, el-yurt, xalq voyaga yetgan, uning tili, tarixi, madaniyati, urf-odatlari, qadriyatlari chinakamiga shakllanib, o‘sib, kamol topib boradigan zamindir.

Vatan deganda, hamisha o‘zimiz tug‘ilib o‘sgan, ko‘z ochib ko‘rgan, ta’lim-tarbiya olib voyaga yetgan, necha-necha avlodu ajdodlarimiz yashab o‘tgan, ularning aql-idroki, mehnati sarf qilingan yurt ko‘z oldimizga keladi.

Vatan – bu xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagidir. Vatan – muqaddas qadriyat. Taraqqiyot vatandan boshlanadi. U insonning kindik qoni to‘kilgan joy, insonni ijtimoiy yetimlikdan asrovchi manzil, ma’naviy kamolot va fuqarolik maydoni, hayot maktabi, farovonlik va baxt-saodat o‘chog‘idir.

Inson uchun vatan yagonadir. Vatanning katta-kichigi ham, boy-kambag‘ali ham bo‘lmaydi. Vatan tanlanmaydi. Vatan bizning molimiz emas. Shuning uchun ham u pulga sotilmaydi va sotib olinmaydi. Vatan in’om etilmaydi, qarzga berilmaydi. Vatan har bir fuqaro uchun muqaddas va betakrordir. Vatanni eng oliy ne’mat singari boshimiz uzra baland ko‘tarib, har on va har soniyada uning tuprog‘ini ko‘zlarga surtib, unga ta’zim bajo aylashimiz farzandlik burchimizdir. Muqaddas xadisi shariflarda «Vatanni sevmoq iymondandir», deyilgan. YA’ni iymoni but, vijdoni pok har bir inson vatanni sevadi, uni g‘animlar ko‘zidan asraydi, uning yashnashi va yashashi, hurligi uchun kurashadi.

Vatan mehrini, vatan sehrini, uning mo‘tabarligiyu ulug‘vorligini so‘z bilan ifodalash qiyin. Har bir barkamol inson vatan kamoloti va istiqboli, el-yurtining ozodligi va mustaqilligi uchun hamma narsani, hatto shirin jonini ham ayamaydi. Bu haqda mavlono Fuzuliyning, mening bitta hayotim bor, bordiyu mingta hayotga ega bo‘lgan taqdirimda ham hammasini vatan uchun sarflagan bo‘lur edim, deb aytgan so‘zlari har birimiz uchun bebaho o‘gitdir. Inson uchun na davlat va saltanat, na toju taxt, hech bir narsa Vatanga, el-yurt mehriga teng kelolmaydi. Vatandan judolik – inson uchun katta baxtsizlikdir. Inson istagan joyda bir parcha nonga qornini to‘yg‘azishi mumkin. Lekin Vatanning o‘rnini hech narsa bosolmaydi. Mustaqillik tufayli biz o‘zimizning haqiqiy vatanimizni topdik. Bu mustaqillikning bizga bergan eng oliy ne’matidir. Vatani mustaqil xalqning o‘zi ham mustaqil bo‘ladi. Yurti ozod va erkin odamning erki o‘z qo‘lida bo‘ladi.

Vatanparvarlik haqida so‘zlar ekanmiz, mustaqillik bizga in’om etgan vatanparvarlikning oliy ramzlari haqida so‘zlamasdan iloj yo‘q. Vatanparvarlikning oliy ramzlari xalqimiz, yoshlarimiz qalbidan mustahkam o‘rin olayotganligi nihoyatda quvonchlidir. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohi oldida 180 tadan ortiq mustaqil davlatlar bayroqlari qatorida mag‘rur hilpirab turishini ko‘rish va his etish naqadar katta baxt, insonni naqadar kuchli bir hissiyotga chulg‘ab oladi.

Vatanparvarlik tushunchasi insonparvarlik tushunchasi bilan uyg‘undir. Vatanparvarlik uchun intilish, vatanparvarlik uchun kurashning zaminida insonparvarlik yotadi.

Insonparvarlik bu o‘zbek xalqi milliy ruhiyatining ajralmas fazilatidir. U purma’no va sermazmun tushunchadir. Insonparvarlik o‘zbek xalqining ajralmas xislati tarzida ko‘zga tashlanadi. Qur’oni Karim insonparvarlik g‘oyalari asosiga qurilgan. Muhammad alayhissalom hadislari shu g‘oyalarga boy hikmatlar majmuasi sanaladi. Insonparvarlik kishilarning bir-biriga hurmatida, qadr-qimmatida, mehr-shafqatida, diyonatda, o‘zaro ko‘maklashuvda, hamdardlikda, boshqalar qayg‘usiga sherik bo‘lib, quvonchidan va baxtidan sevinishda, xalq baxti va yutuqlaridan faxrlanishda ko‘rinadi.

Insonparvarlikning ko‘rinishlaridan biri bu insonni ulug‘lashdir. Inson tabiatning gultoji. U har qancha maqtovga loyiq zot sanaladi. Bu haqda Qur’on va hadislarda, mutafakkirlar ijodida ajoyib, ibratli fikrlar aytilgan. Biz bu o‘rinda «Sharq Gegeli» degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan faylasuf shoir, mutafakkir Mirzo Abdulqodir Bedil so‘zlarini keltirish bilan cheklanamiz. Bedil insonni irqiy, milliy, diniy e’tiqodlaridan qat’iy nazar hurmat va ehtiromga sazovor zot deb biladi va bu haqda shunday deydi: «Har kimki, hazrati insonni sajdaga sazovor demasa, u mal’undir». Qanday ajoyib fikr! Ushbu fikr har qanday davr uchun ham adolatli, ardoqli va olijanobdir.

Mustaqil Respublikamiz fuqarolari, xususan yoshlari ruhiyatida vatanparvarlik va insonparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish, ularni rivojlantirish demokratik, adolatli va xuquqiy jamiyatni barpo etishning muhim kafolati sanaladi. Shuning uchun vatanparvarlik va insonparvarlik tuyg‘ularini shaklantirish butun tarbiyaviy ishimizning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmog‘i lozim.

O‘z millatiga sadoqatli bo‘lish millatparvarlik bilan hamohang tushunchadir. Millatparvarlik bu har bir inson uchun yuksak burch sanaladi. O‘z millatini sevmagan inson o‘zini ham, Vatanini ham seva olmaydi. Millatparvarlik o‘z millatini boshqa millatlardan ustun qo‘yish yoki kamsitish kabi (millatchilik va shovinizm) jirkanch harakatlardan tubdan farq qiluvchi tuyg‘udir. Millatparvarlik o‘z millatining birligini mustahkamlash, o‘z tili, urf-odatlari, an’analarini rivojlantirish, qadriyatlar va meroslarni ko‘z qorachig‘iday asrash, o‘z millatining kelajagi uchun xizmat qiluvchi aql-zakovat (intellektni), salohiyatni (potetsial) rivojlantirish va milliy tarbiyani amalga oshirish yo‘lida fidoyi bo‘lishdir.

Bojxona xizmati katta leytenanti                       A.Yusupov