Home / Maqola / Jannatim, tayanchim, tengsizim vatan!

Jannatim, tayanchim, tengsizim vatan!

          Vatan ta’rifing bitmakka so’z yetmaydi. Tuprog’i zar, suvi ma’dan, jannatiy  o’lkam. Qadim minorlaring, ajdodlardan qolgan merosing o’tmishing buyukligidan hamda kelajak nurli bo’lishidan darak beradi. Mening dilbar Vatanim, dunyolarga alishmaydigan bog’u bo’stonim bor. Tengsiz go’sham, dong’i ketgan O’zbekistonim janubida “janub gavhari” serquyosh Surxon zamini bor.

        Surxon zamini o’ziga yarasha mo’’tadil iqlimi, sarxil  mevalari  bilan mashhur bo’lib, bu mahobatli o’lkada har bir sohada ulkan o’zgarishlar, taraqqiyot davri boshlangan. Mardlar yurti Surxondaryoda bugungi kunda  yirik hajmda bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari ham  olib borilib, voha qiyofasi tobora chiroy ochmoqda. Ana shunday yurtning yoshlari ham davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ishlarga bee’tibor bo’lmaslik, Vatan rivoji uchun fidoiylarcha xizmat qilmoq maqsadi bilan yashamoqda. Ayni kunlarda yurtdagi har bir o’zgarishlarni kuzata turib, mustaqillik ulkan imkoniyatlar yaratib berganiga yana bir karra ishonasiz.

       Qadimda botirlar va sahobalar yurti deb nom olgan Surxondaryoning markazi Termiz shahrida uzukka ko’z qo’ygandek yarashib turgan ziyo maskani-Termiz davlat universitetining muhtasham binosi ko’zni quvnatadi. Universitetga tashrif buyursangiz, beixtiyor jannatga tushgandek bo’lasiz. Chaman bo’lib ochilib yotgan, turfa islarga boy bo’lgan gullarni ko’rib, yuragingiz shodlikka to’ladi, qalbingizni g’urur va iftixor qoplaydi. Yuragingizdan bir lahza bo’lsa-da, men kimlarning avlodiman va kimlarga munosib bo’lmog’im kerak degan o’y o’tadi. Ayniqsa, universitetning ko’rkiga ko’rk qo’shayotgan buyuk siymolarning rasmlari o’zini shu yurtning farzandi dilbandiman degan insonga o’zgacha shukuh beradi. Ularning rasmlarini kuzatgan yoshlar, ularning hayot yo’llari haqidagi hamda yaratgan asarlari xususidagi ma’lumotlarni o’qib, ajdodlariga munosib izdosh va mustaqil O’zbekiston taraqqiyoti uchun hissa qo’shadigan barkamol insonlar bo’lib yetishga intiladilar. Albatta, bu faxr iftixorning, g’ururning asosi xalqimizning asriy orzusi istiqlol yaratib bergan ulkan imkoniyatlar sabab ekanligini barchamiz yaxshi anglaymiz.

       2017 yil 27 iyun kuni muhtaram Yurtboshimiz Sh.Mirziyoyev «O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish to’g’risida»gi Qarorga imzo chekdilar. Termiz davlat universitetida ana shu Qarorning ijrosini oliy darajada ta’minlash va bayramni ko’tarinki kayfiyatda kutib olish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Boshqacha aytganda, eng ulug’ va eng aziz bayramimiz-mustaqillik bayramini munosib to’yonalar bilan kutib olish va yuksak saviyada nishonlash uchun  universitetda ma’lum bir ishlar amalga oshirildi. Aynan, sohalar bo’yicha qilinayotgan ishlarni tahlilga oladigan bo’lsak, universitetda keyingi yillarda ma’naviy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan ishlarning ko’lami kengayib borayotganini kuzatish mumkin. Buning natijasini universitet professor-o’qituvchilari va talabalarining bu sohada erishayotgan ulkan  yutuqlaridan ham ko’rishimiz mumkin. Amalga oshirilgan va olib borilayotgan ishlar istiqlolning muazzam nurlaridan bahra olgan holda o’z rivojini ko’rsatgani e’tiborga loyiqdir.

       Aynan, 2016-2017 o’quv yilida universitetda ma’naviy-ma’rifiy sohada erishilgan yutuqlardan shu yurtning farzandiman va uning kelajagiga, taraqqiyotiga ulkan hissa qo’shaman degan har bir inson borki, dili shodlanadi. Tabiiy ravishda qalbi g’urur va faxrga to’ladi. Yurak to’lqinlanib, bularning bariga istiqlolning muazzam nurlaridan  bahra olgan ko’ngillargina erishganini anglaydi. Aziz zamondosh! Dilimdan shu o’ylar o’tsada, nurli tuyg’ular qurshovida sizga ham erishilgan yutuqlarni ilingim keldi. Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimli ravishda yo’lga qo’yilganligi natijasida 2016/2017 o’quv yilida O’zbek filologiyasi fakulteti talabasi Sitora Siddiqova Respublika bo’yicha o’tkazilgan “Yilning eng faol yosh jurnalisti” ko’rik tanlovida faxrli 1-o’rinni qo’lga kiritgani va diplom bilan taqdirlangani, texnika fakulteti talabasi Aziz Mashrabovning «O’zbekiston belgisi» ko’krak nishoni bilan taqdirlangani, universitetning iqtidorli talabalaridan tashkil topgan «Surxon yoshlari» jamoasi Respublika oliy ta’lim muassasalari talaba yoshlari o’rtasida o’tkazilgan «Quvnoqlar va zukkolar» ko’rik tanlovining hududiy va chorak final bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, yarim final bahslariga yo’llanmani qo’lga kiritgani, O’zbek filologiyasi fakulteti talabasi Shohsanam Abduraimova, Chet tillar fakulteti talabasi Jo’raqulova Zilola, Ijtimoiy-iqtisod fakulteti talabasi Omonov Avazbeklarning Alisher Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasi sovrindori, texnika fakulteti talabasi Shahlo G’afforovaning Mirzo Ulug’bek nomidagi Davlat stipendiyasi sovrindori bo’lganligi, Jismoniy madaniyat fakulteti talabalari Xonimqulov Zuhriddin, Jo’rayev Akbarali, Mengliboyeva Ozodalarning Taekvondo VTF sport turi bo’yicha xalqaro musobaqalarda chempion va sovrindorlar safidan joy olgani, Fadeev yevgeniyning 2017 yil sportning yengil atletika turi bo’yicha O’zbekiston chempioni bo’lganligi, «Yuksak ma’naviyatli avlod» festivalining viloyat bosqichida badiiy ijod nominatsiyasi bo’yicha O’zbek filologiyasi fakulteti talabasi Sadoqat Ergashevaning g’olib bo’lishi va 2017 yil «Shafaq aksi» nomli birinchi kitobining chop etilishi va boshqa juda ko’plab yutuqlarimizning qo’lga kiritilayotganligi ma’naviy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan ishlarning natijadorligini ko’rsatadi.

            Aziz zamondosh! Beixtiyor, istiqlol shukuhidan yuragim to’lqinlanib sizla yutuqlar haqida dillashgim kelgandi bu dam. Buni qanchalik uddaladim, dillashganlarim sizning yurak  saltanatingizdan  qanchalik  o’rin olganiga bog’liq. O’ylaymanki, istiqlolning muazzam nurlaridan bahra olib yashayotgan Surxon zamini farzandlari yutuqlar karvonini hozirlashda davom etaveradi va elimizning dovrug’ini dunyolarga taratib, bayrog’imizni yanada yuksaklarga ko’taraveradi degan niyatimiz ijobat bo’lishini siz ham istaysiz.

         Bugun shu yurtda yashayotgan har bir inson borki, dilda bir g’oya. Barchasining yurak-yuragidan «Fidoying bo’lgaymiz seni, O’zbekiston!» degan ezgu g’oya o’tmoqda. Ha, darhaqiqat, bu g’oya zamirida nelar yotganini  shu yurtni asramoqchi, avaylamoqchi, qadrlamoqchi bo’lgan farzand  borki,  anglab yetadi. Bugun O’zbekiston o’z yo’lini topib olgan va zamonaviy yuksalib borayotgan davlatlar qatoriga o’tib olgani hech kimga sir emas. Albatta, yurtda erishilayotgan  barcha yutuqlar  borki, bari  istiqlol tufayli. Istiqlol bizga eng katta ne’mat tinchlikni berdi. Tinchlik bo’lgan elda, to’ylar, g’alabalar yarashadi. Bugun barcha ellar havas qiladigan, go’zal va jannatiy go’sha yana qayda bor?! Osmoni musaffo, bolalarining shodon kulgusi yangragan, mahalla va qishloqlari to’ylardan bo’shamaydigan el yana qayda bor?! Bunday yurt uchun boringni, kerak bo’lsa, joningni fido qilsang, kam.

       Shu o’rinda muqaddas yurtim, betakror diyorimni vasf etishni istayapman bilsangiz. Yuragimni shodliklarga to’ldiradigan, ezguliklar baxsh etadigan eng go’zal tilaklarim mana shu yurt uchun, jondan sevgan aziz Vatanim uchun  va Sizga qarata aytamanki, uni yomon ko’zlardan, turli balolardan  doim asrang degim keladi hamda istiqlol shukuhidan to’lqinlangan yurak Sizga quyidagi izhorni yo’llashni istayapti:

Hayot yo’llarimda suyanchim Vatan,

   Dardlarim aritar, quvonchim Vatan,

        Jannatim, tengsizim, tayanchim, Vatan,

Ezgu tilaklarim sengadir Vatan!

Muhayyo Hamrayeva

 Termiz davlat universiteti

                            O’zbek filologiyasi fakulteti dekani