Home / Tadbirlar / Tarix – xalq ma’naviyatining asosidir

Tarix – xalq ma’naviyatining asosidir

Surxondaryo viloyati jonajon yurtimizning insoniyat paydo bo’lgan eng qadimgi hududlaridan biridir. O’ziga xos va betakror sharqona tamaddun poydevorlari barpo etilgan, o’zbekning shon-shuhrati, aql-zakovati, iroda va jasoratini jahonga tanitgan ne-ne ulug’ zotlarga beshik bo’lgan bu ko’hna zamin. Shu bois ham bu tabarruk tuproqning har qarichi ko’zga to’tiyo, muqaddas.DSC_38242017 yilning 9 sentyabr kuni Termiz davlat universitetida taniqli arxeolog-tarixchi olim, O’zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, tarix fanlari doktori, professor Ahmadali Asqarov bilan o’tkazilgan uchrashuvda ana shu haqda so’z yuritildi. Universitetning tarix fakulteti talaba-yoshlari hamda professor-o’qituvchilari ishtirok etgan tadbirni Termiz davlat universiteti rektori Abduqodir Hamidovich Toshqulov kirish so’zi bilan ochar ekan, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi A.Asqarovning Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, Surxondaryo viloyatida saqlanib qolgan moddiy-madaniyat yodgorliklarini ochish va ularda arxeologik tadqiqotlar o’tkazish yo’li bilan Vatanimiz tarixini o’rganishga bag’ishlangan ilmiy faoliyati xususida to’xtalib o’tdi.DSC_3834Darhaqiqat, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi A.Asqarov ko’p yillik ilmiy-ijodiy izlanishlari bilan tarix fani rivojiga, milliy tariximiz,  moddiy va ma’naviy merosimiz ravnaqiga salmoqli hissa qo’shib kelayotgan olimlardan. Tadbirda so’zga chiqqan olim tarix fanining inson ma’naviyatidagi o’rni haqida to’xtaldi. Milliy tarixni puxta o’rgatish orqali yosh avlodni Vatanga muhabbat, elga sadoqat ruhida tarbiyalash zaruriyati, kadrlar tayyorlash sifatini yanada yaxshilash, yetakchi olimlar salohiyati va tajribasidan samarali foydalanish, ta’limni rivojlanib borayotgan zamonaviy dunyoning yangicha talablari asosida yuksaltirib borish haqida fikr-mulohazalarini bayon etdi.DSC_3826Uchrashuv davomida universitetning yetakchi tarixchi olimlari tarix fanini rivojlantirish va ilmiy tadqiq etish masalasida o’zaro fikr almashdilar. Shu asnoda jahon xalqlari tamaddunining tarkibiy qismi bo’lgan voha tarixini arxeologik qazishmalar hamda tarixiy yozma manbalar orqali o’rganish va tadqiq etish yuzasidan yoshlarga oqilona tavsiyalar berildi. Tadbir yakunida talabalar o’zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldilar.