Home / Tadbirlar / Haqiqiy adabiyot toza so’zdan yaraladi

Haqiqiy adabiyot toza so’zdan yaraladi

“Men Boysunda bo’lmaganman. Lekin Erkin A’zamov bilan gaplashsam, bu qadim yurtga borgandek, uning mard va tanti odamlarini ko’rgandek bo’laman. Uning qalbidagi mehr, samimiyat, dilkashlik haqiqiy Boysun bo’lib tuyuladi menga”.

(Murtazo Qarshiboy, yozuvchi)

Boysun – dunyo tamadduniga qo’shgan ulkan tarixiy hamda ma’naviy hissasi bilan jahon ahli e’tirofiga sazovor bo’lgan zamin. U ona yurtning haqiqiy mo’jizasi, xosiyatli go’shasi. Purviqor tog’lari, xushmanzara tabiati, o’ziga xos urf-odatlari, jo’shqin folklori ilhom manbai bo’lib xizmat qiladi kishiga, unga tetiklik, kuch-quvvat baxsh etadi. Shundanmi, bu yerdan Shukur Xolmirzayev, Ro’zi Choriyev, Usmon Azim singari va boshqa ko’plab el tanigan, yurt suygan kishilar yetishib chiqqan.
DSC_3868O’zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam ana shunday insonlar sirasidan. Uning “Chiroqlar o’chmagan kecha”, “Otoyining tug’ilgan yili”, “Pakananing oshiq ko’ngli”, “Kechikayotgan odam” kabi ko’plab qissa va hikoyalardan iborat kitoblari, “Chantrimore”, “Dilxiroj”, “Erkak”, “Zabarjad”, “Suv yoqalab” “Parizod” singari bir qancha ekran asarlarini adabiyot muxlislari sevib o’qiydi, tomosha qiladi. 2017 yilning 9 sentyabr kuni Termiz davlat universitetida poytaxtdan tashrif buyurgan adib Erkin A’zam, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan jurnalist Qulman Ochil hamda universitetning professor-o’qituvchilari va talabalari ishtirokida adabiy uchrashuv bo’lib o’tdi. Tadbir avvalida so’zga chiqqan Termiz davlat universiteti rektori Abduqodir Hamidovich Toshqulov mehmonlarga tashrif uchun o’z minnatdorchiligini bildirarkan, bu kabi adabiy uchrashuvlar taniqli adiblarning ijodi bilan yaqindan tanishishga, asarlari haqida hamfikr bo’lishga imkon yaratishini e’tirof etdi.
DSC_3914Adabiy uchrashuvda O’zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam o’zi yaxshi ko’rgan, hayotini bag’ishlamoqqa ahd qilgan, taqdir boshqa bir yo’lga solib yuborganida ham baribir usiz yashayolmasligini e’tirof etgan soha – ADABIYOT haqida, uning jamiyatdagi o’rni haqida so’z yuritdi. Bugungi adabiy jarayon haqida salmoqli fikrlari bilan o’rtoqlasharkan, taniqli adib: “Haqiqiy adabiyot namunasi tezqadam, tezpishar bo’lmaydi, u dardli so’zdan, toza so’zdan dunyoga keladi. Xudo bergan kuni emas, Xudo yorlaqagan kuni!”, – deydi. Yosh talaba ijodkorlarga adabiyotning, badiiy asarlarning vazifalari haqida so’zlab beradi.
DSC_3902Tadbir davomida mahoratli essenavis Qulman Ochil qalamiga mansub “Sayroblik barakali yigit” nomli hujjatli qissaning taqdimoti ham bo’lib o’tdi. Ishtirokchilar mazkur asar va uning badiiy adabiyotimiz rivojidagi hissasi haqida o’z fikr-mulohazalarini bayon etdilar. Uchrashuv so’ngida mehmonlarga anvoyi gullar va esdalik sovg’alari topshirildi. DSC_3918DSC_3931