Home / TALABALAR IJODIDAN / Aql ko’pga yetkazar, hunar – ko’kka

Aql ko’pga yetkazar, hunar – ko’kka

Ma’lumki, kulolchilik – qora loydan mo’’jizakor go’zallik yaratgan sharqning eng qadimiy hamda navqiron san’atidir. O’zbek kulolchiligi uzoq tarixga, ajoyib an’analar, shakl, mazmun, ijodiy jarayon va o’ziga xos uslubga ega. Sopol buyumlar sodda bo’lsada uning ko’rinishi, qismlarning aniqligi, mutanosibligi, saqlanishi, naqshlarning badiiy joylanishi, shakl va mazmunning birligi, uyg’unligi o’zbek kulollarini jahonga tanitib kelmoqda.

Ushbu an’anani izchil davom ettirish, yoshlarga hunar o’rgatish orqali sohani yanada rivojlantirishga Termiz davlat universitetida ham alohida e’tibor qaratilayotir. Xususan, talabalarning ijodiy qobiliyatlarini oshirish maqsadida bu yerda “Kulolchilik ustaxonasi” tashkil etilganki, yigit-qizlar bunday imkoniyatlardan oqilona foydalanib, chuqur bilim olish, kasb-hunar sirlarini egallash barobarida, o’zlarining nimalarga qodirligini amalda namoyon etmoqdalar. Ustaxonada  talabalarga kulolchilik san’ati tarixi, uning maktablari, unda ishlatiladigan tuproq turlari, kulolchilik dastgohini ishlatish, loylarni tayyorlash, turli xil shakldagi va hajmdagi kulolchilik buyumlarini yasash sir-asrorlari puxta o’rgatib borilmoqda.

Bugun bu yerda talabalar tomonidan tayyorlangan kulolchilik buyumlarini ko’rib, ko’zingiz quvnaydi, dilingiz yayraydi. Bu esa albatta, yoshlarimiz ajdodlarga munosib vorislar bo’lib yetishayotganini tasdiqlovchi yana bir dalildir.

KULOLCHILIK USTAXONASI RASMLARI

34

Zahiriddin To’rayev, TerDU

Bunyod Yoqubov TerDU ATM