Home / Tadbirlar / Qanday yashayapsiz, talaba?

Qanday yashayapsiz, talaba?

Termiz davlat universitetiga yangi rektor etib tayinlangan Abduqodir Hamidovich Toshqulov shu kunlarda oliygohning barcha tarkibiy bo’linmalarida bo’lib, bu yerda mehnat qilayotgan professor-o’qituvchilar, o’quv yordamchi va ishchi xodimlar, shuningdek, tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashuvlar o’tkazmoqda.

Ana shunday uchrashuvlardan biri 2017 yilning 18 sentyabr kuni talabalar turar joylari (TTJ)da istiqomat qilayotgan yoshlar bilan bo’lib o’tdi. Ma’lumot o’rnida aytish kerakki, universitetda hozirda 1236 o’rinli  4 ta TTJ faoliyat ko’rsatayotgan bo’lib, ularda viloyatning olis tumanlaridan kelib o’qiyotgan talaba-qizlar istiqomat qilishadi. Universiteti rektori mutasaddi bo’linmalar rahbarlari hamrohligida ushbu yotoqxonalarga birma-bir tashrif buyurar ekan, bu yerda talabalar uchun nechog’lik qulay sharoitlar yaratilganligi, talaba-yoshlar darsdan so’ng vaqtini qanday o’tkazayotganligi, ular hozirgi jarayon, umuman, mamlakatimiz va dunyoda bo’layotgan voqea-hodisalardan qay darajada xabardorligi bilan qiziqdi.0101Tanishuv va uchrashuv davomida shu narsa aniq bo’ldiki, universitet talabalar turar joylarida hali hal etilishi lozim bo’lgan ishlar talaygina, bu esa  yoshlarning haqli e’tiroziga sabab bo’lmoqda. Ushbuni inobatga olgan holda universitet rektori tomonidan mutasaddilarga yotoqxonalardagi mavjud ahvolni tubdan yaxshilash, bu yerda istiqomat qilayotgan talabalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, yoshlarning xavfsiz yashashini ta’minlash borasidagi me’yor va talab­larga qat’iy amal qilish yuzasidan aniq yo’l-yo’riq va qat’iy ko’rsatmalar berildi.

Xususan, talabalar turar joylarida yoshlarning madaniy hordiq chiqarish  imkoniyatlarini kengaytirish, yotoqxonalar binolarining har bir qavatida dam olish xonasini qayta tashkil etib, ularni zamonaviy televizor va muzlatkichlar bilan ta’minlash, talaba-qizlarning mamlakatimiz va dunyoda bo’layotgan voqea-hodisalardan xabardorligi oshirish maqsadida radiouzellar faoliyatini yo’lga qo’yish, axborot resurs markazi, shuningdek, talabalarning bo’sh vaqtini mazmunli o’tkazish maqsadida tashkil etilgan to’garaklar faoliyatini tubdan yaxshilash, kompyuterlarning hammasini internet tarmog’iga ulash, yoshlarning vaqtini tejash va mushkulini oson qilish maqsadida yotoqxonalarda zamonaviy kir yuvish va quritish mashinalari bilan ta’minlash, binolardagi sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilinishiga erishish bilan bog’liq vazifalar belgilab olindi.

                                                                                   

                                                                                    Zahiriddin To’rayev

Shuxrat Xolmurodov