Home / Maqola / Ulug’vor harakat

Ulug’vor harakat

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil

28 martda “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash” to’g’risidagi qarori chiqdi.

Qarorda Respublikamizni 1959  yildan 1983 yilgacha, ya’ni, umrining oxirigacha  boshqargan, yurtimiz taraqqiyoti uchun hayotini bag’ishlagan davlat arbobi va taniqli yozuvchi Sharof Rashidovning yorqin xotirasini abadiylashtirish, uning 100 yilligini munosib nishonlash chora-tadbirlari belgilangan.

         Sharof Rashidov dehqon farzandi bo’lib, hayoti davomida ilm ma’rifat yo’lidan borgan. Yuksak cho’qqi: mamlakat rahbari, yozuvchi darajasiga erishgan inson. Qayerda bo’lmasin va qaysi sohada ishlamasin ijod bilan shug’ullangan. 1930 yil 23 yoshida ilk she’riy to’plami “Samarqand kuylari” kitobi chop etilgan. Keyinchalik yozilgan asarlari-“Qahrim” she’riy to’plami, “G’oliblar”, “Bo’rondan kuchli”, “Qudratli to’lqin” romanlari, “Dil amri” qissasida o’zbek xalqining ikkinchi jahon urushi davridagi va tiklanish davridagi vatanparvarligi, mehnat jasorati tasvirlangan. “Kashmir qo’shig’i”, “Komde va Mudan” lirik qissalari sharq dostonchilik janrida yaratilgan bo’lib ularda yoshlik, bahor, go’zallik bilan bir qatorda hind xalqining mashaqqatli turmushi aks ettirilgan.

Davlat arbobi shunday ijod bilan birgalikda 24 yil o’zbek xalqining yo’lboshchisi bo’lgan. Ikkinchi jahon urushida qatnashgan, urushdan keyingi tiklanish yillarida  yaratgan asarlarida o’z hayotini xalq bilan uyg’unlashib ketganligi tasvirlangan. Aynan, rahbarlik faoliyatida O’zbekistondagi qo’rik yerlarni, Qarshi va Surxon-Sherobod cho’llarini o’zlashtirish uchun ko’p ishlarni amalga oshirgan. Shu o’rinda aytish kerakki, biz Surxon-Sherobod yoshlari hurmatli Sharof Rashidov haqida to’lqinlanib yozsak arziydi. Chunki dehqon farzandi suvning qadrini, ayniqsa, cho’l farzandlaridagi suvsizlik qiyinchiliklarini yaxshi biladi. Jizzax viloyati Respublikamizning qo’riq yerlari hisobidan tashkil  etilganini bilamiz.

Ona zaminim Surxon Sherobod cho’llarini bo’stonga aylantirgan Janubiy Surxon suv omborining qurilishi va ochilishida shaxsan ishtirok etgan hurmatli Sharof Rashidovning xizmati Surxon xalqiga qilingan unutilmas tufhasidir.

Ota-bobolarimiz “Suv tugagan joyda zamin ham tugaydi”,”Suv uchun kurash hayot uchun kurash”, deb bejiz aytmaganlar. Shu sababli ham Surxon Sherobod xalqi hayoti uchun kurashgan inson nomi doimo qayta qayta eslanadi.

1967 yil 17 iyunda Surxondaryo viloyati mehnatkashlari “lenin ordeni” bilan taqdirlangan. Ushbu mukofotni topshirgan Respublika rahbari Sharof Rashidovga shunday degan: ”Surxondaryo kelajagi porloq o’lka. Azamat xalqi suvsiz hansirab yotgan Sherobod cho’liga suv chiqardi. Shu cho’ldan 51 ming gektar yerni o’zlashtirib 12 ta sabxoz barpo qilish ularning oliy maqsadidir. (“Surxon elida bayram” maqolasi “lenin bayrog’i” gazetasi. 1967 yil 13 iyul sonih

1968 yil 16 iyun Surxondaryo viloyati tarixida unutilmas kun bo’lib qolgan. Chunki shu kuni 800 mln. kub metr suv sig’adigan Janubiy Surxon suv ombori ochilgan. Suv ombor ochilishida Respublika rahbari Sharof Rashidov nutq so’zlagan.

Hozirda shu suv omboridan 5 ta tuman xalqi foydalanadi. Shulardan Qiziriq, Muzrabot tumanlari to’liq Surxon Sherobod cho’lidan o’zlashtirilgan yerlardir.

Hayot davom etmoqda har bir o’tgan kunimiz tarix shu tarix zarvaraqlaridan xalqqa ibrat bo’lgan insonlar hayoti va ijodi joy oladi. Ular o’zining namunali sara ijodi va ulug’vor ishlari bilan kelajak avlodni tarbiyalaydi.

Atoqli yozuvchi va davlat arbobi  Sharof Rashidov o’zlari aytganlaridek “Zamona yoshlari qudratli to’lqin. Bu to’lqinni to’g’ri yo’lga boshqarishi, ya’ni olam yaratishi va yangi odam tarbiyalashga qaratigan ulug’vor harakat” bo’lib xizmat qilishiga ishonamiz. Chunki o’lmas ijod va ulug’vor harakatlar millat dilida va xalq tilida yashaydi.

Hozirgi vaqtda Sharof Rashidov tug’ilgan Jizzax tumaniga Sharof Rashidov nomi berilgan. Bu yerda davlat arbobi va yozuvchi xotirasiga bag’ishlanib yodgorlik majmuasi barpo etildi, haykali o’rnatildi. Uymuzeyi tashkil etilib, muzey atrofi obodonlashtirildi. O’zbekiston yozuvchilar uyushmasi tomonidan adibning “Saylanma” kitobi va Sharof Rashidov hayoti faoliyatiga bag’ishlangan “Xalqimizning otashqalb farzandi” nomli xotira kitobi nashrga tayyorlandi. Shuningdek hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratilmoqda.

Bularning barchasi ulug’vor harakat namunasi ekanligidan darak beradi. Demak har bir yosh avlod bundan o’rnak olib yangi cho’qqi va qirralarini zabt etishi lozim. Bunday ulug’vor harakatlar xalqining dili va tilida mangu yashaydi.

 SURXON-SHEROBOD

 Ko’zlarimga ziyo Nurobod,

Tuprog’ida yotar ko’plab buyuk zot.

Ularning ruhlari doim bo’lsin shod,

Ona shahrim-qadim maskan Sherobod.

Iso at-Termiziy bizlarni qo’llar,

Qurilmoqda  baland ko’priklar, yo’llar.

Surxon vohasida ko’rk bo’lib gullar,

Otajonim taxti-sensan Sherobod.

Olmazor, anorzor bog’laring mashhur,

Hamyurtlar iqboli porloqdir mag’rur.

O’ziga bek yoshlar dilida g’urur,

Onajonim baxti-sensan Sherobod.

Ta’rifing yozdim men bir qizing bo’lib,

Yuragim baxtiyor hislarga to’lib.

To’rt fasl ham quyoshing chiqadi kulib,

Iqbolim, jannatim o’zing Sherobod.

         Bir vaqtlar, cho’l atalmish ona shahrimni go’zal bo’stonga aylantirishga o’zining munosib hissasini qo’shgan ulug’ inson Sharof Rashidov biz Surxon-Sherobod yoshlari uchun doim barhayot.

Termiz davlat universiteti Pedagogika fakulteti

Boshlang’ich ta’lim va sport tarbiyaviy ishlar

yo’nalishi 3-bosqich  302-guruh talabasi 

Omonova Nilufar