Home / Maqola / Til millat ko’zgusi

Til millat ko’zgusi

Ona tili – bu millatning ruhi, ma’naviy qiyofasi, or- nomusi, orzu- umidlari namunasidir. Ona tili. Bu so’z shunchalar ulug’ki, uni har qancha ta’riflasak arziydi. Har qaysi millatning o’z Vatani, oilasi bo’lgani kabi jonajon, betakror tili ham bo’ladi. Inson dunyoga kelibdiki, uning uchun o’z Vatani, onasi, oilasi qanchalik muqaddas bo’lsa, ona tili ham shunchalik ulug’dir. Ona tiliga muhabbat bu ,avvalo, ona allasi bilan uning quloqlariga singadi. Ona allasi shunday ilohiy kuchga egaki, uni eshitgan har bir go’dak yuragi jo’nbishga tushadi, qalbida hissiyotlar avj oladi. Beg’ubor go’dak o’z Vataniga, oilasiga, ona tiliga shu birgina oddiy va mungli so’zlar orqali mehr qo’yadi. Ona tili kishining qon-qoniga singib qoni bilan birga oqadi. Yosh go’dakning ilk tili chiqqanida ham, borliqni ona tilisi bilan anglay, atay boshlaydi. Har bir til o’zgacha ohang bilan ajralib turadi. Har bir inson uchun uning tili barcha narsadan ustundir. Insonning qay darajada ma’naviyatli ekanligi uning tilida, chiroyli nutqida namoyon bo’ladi. Har bir insonnig qalbida o’z ona tiliga nisbatan sof tuyg’u, meh – muhabbat alanga oladi. Zeroki, muhtaram Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov “ Til millatning ruhidir” deb bejizga  ta’kidlamaganlar. Darhaqiqat, tilsiz jamiyat rivojlanmaydi, taraqqiy etmaydi. Suvsiz daryo bo’lmaganidek, tilsiz millat ham vujudga kelmaydi. Hayotda farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazishda onaning o’rni beqiyos bo’lganidek, insonni hayotda o’z o’rnini topishda tilning o’rni muhim ahamiyatga egadir. Shuning uchun tilni onaga qiyoslab ona tili deb ataymiz. Ota – bobolarimiz qadimdan ona tilimizni asrab – avaylaganlar, uning rivojlanishiga munosib hissa qo’shganlar. Jumladan, buyuk mutafakkir, davlat arbobi, g’azal mulkining sultoni hazrat A’lisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Lutfiy, Atoiy, Nodira, Uvaysiy va boshqa o’zbek adabiyoti namoyandalarining o’rni beqiyosdir. Hozirgi kunda ham har bir shoirlarimiz o’z ijodlarida ona tilimizning naqadar buyukligini madh etmoqdalar. Ona tilini ulug’lash, so’zni qadrlash – inson ziynati, burchidir.Til odamlar o’rtasida o’zaro muomala, aloqa vositasi. Til insoniyatning bebaho boyligi, buyuk imkoniyatidir. O’zlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o’rtasidagi ruhiy – ma’naviy bog’liqlik til orqali vujudga keladi. Jamiyki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tilini rivojlantirish har qanday xalq mustaqilligining, millat ma’naviy o’zligining ko’zgudagi aksi demakdir. Chunki til xalqning, millatning ta’rixi, madaniy merosi, turmush tarzi, urf- odati va an’analarini o’zida mujassam etgan beqiyos xazinadir. Davlatimizning Birinchi Prezidenti I.A.Karimov ta’kidlaganlaridek, “… ajdodlardan – avlodlarga o’tib kelayotgan bebaho boylikning vorislari sifatida ona tilimizni asrab – avaylashimiz, uni boyitish, nufuzini yanada oshirish ustida doimo ishlashimiz zarur “.

          Bizning ona tilimiz o’zbek tilidir. Buyuk qudrat sohibi I.A.Karimovning say’i – harakatlari bilan 1989- yil 29- oktabrda o’zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu ulug’ zotning mardligi, xalqimizning orzu – armonlarini ro’yobga chiqarish yo’lidagi azmu – shijoati tufayli o’zbek tilining hayotimizdagi o’rni tiklandi, jamiyatdagi obro’si ko’tarildi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo’yildi. Shu bilan birga o’zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog’I, gerbi, madhiyasi va konstitutsiyasi qatoriga turadigan, qonun yo’li bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollardan biriga aylandi. O’zbek tiliga davlat tili maqomi berilgandan  so’ng ona tilimizga bo’lgan e’tibor yanada kuchaydi, shu kundan boshlab, barcha hujjatlar, gazeta va jurnallar, kitoblar va boshqa manbalar rus tilida emas, o’zbek tilida olib boriladigan bo’ldi, o’zbek tilining takomillashishiga zamin yaratdi. Istiqlol sharofati bilan bugun nafaqat o’z yurtimizda, balki xorijiy ellarda ham turli darajadagi rasmiy uchrashuv va suhbatlar, muzokaralarda tilimizning o’rni va ahamiyati tobora ortib borayotganligi, nufuzi xalqaro anjumanlarda o’zbekona kalom yangrashi, chet ellarda o’zbek tilini o’rganuvchilar, unga qiziquvchilar soni ortib borayotganligidan barchamiz faxrlansak arziydi. 1995-yil 21-dekabr “Davlat tili” qonuni qabul qilindi.Ushbu qonun 24 – ta moddadan tashkil topgan. Davlat tili haqidagi qonunning 1-moddasi va Vatanimizning asosiy qomusi Konstitutsiyamizning 4 – moddasida “ O’zbekiston Respublikasining davlat tili o’zbek tilidir”, deb e’tirof etilgan. Qonunning 22- moddasida respublikaning ma’muriy-hududiy birliklari, maydonlari bilan birga ko’chalar, geografik obyektlar nomlari davlat tilida aks ettirilishi belgilangan. “Davlat tili haqida” gi qonunning hayotimizda tutgan o’rni va ahamiyati haqida fikr yuritganda, ushbu yo’nalishdagi yana bir muhim hujjat 1993-yil 2-sentabrda “Lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosini joriy etish to’g’risida” qonun qabul qilindi. Ushbu qonunning qabul qilinishi ham mamlakatimizning har tomonlama rivojlanishi va jahon kommunikatsiya tizimida munosib o’rin egallashiga muhim ahamiyat kasb etmoqda. “Davlat tili haqida” gi qonunning hayotga tatbiq etilishiga, o’z ona tilimizni ulug’lash, maqeini yanada yuksaltirish, uning jahonaro yangrashiga hissa qo’shish o’zini shu yurtning haqiqiy farzandi deb bilgan har bir inson uchun muqaddas burchdir. Ona tili qadri o’zga yurtlarda musofir bo’lgan kishilargagina tanish. Ona tilini sevish, uni ardoqlash, vatanni sevish, uni qadrlashga teng hisoblanadi.Til – bu millat faxridir. Har qaysi inson o’z Vatani bilan qanchalik faxrlansa, o’z ona tili bilan ham shunchalik faxrlanadi. Shunday ekan, ona tilini sevish, uni asrab-avaylash, so’z boyligini chuqurroq oshirish zarurdir. Men ham shu o’rinda, ona tilimizning kundan-kun gurkirab, o’zining serjilo va purma’no hikmatlari bilan boyib borishi uchun qo’limdan kelguncha harakat qilaman. Zero, “ …til yashasa, millat yashaydi” deb buyuk allomalarimiz bejiz aytishmaganlar.

Pedagogika fakulteti 3-bosqich

talabasi Rahmatillayeva Mohinur