Home / Maqola / Til millatnig ruhidir

Til millatnig ruhidir

Ma’lumki o’zlikni anglash, milliy ong va mafkuraning ifodasi, avlodlar o’rtasidagi ruhiy-ma’naviy bog’liqligi til orqali namoyon bo’ladi. Jamiyki ezgu fazilatlar inson qalbiga ,avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili –bu millatning ruhidir.

I.A. Karimov.

Til millatning, qalbi, uning o’tmishi, buguni va kelajagi. Negaki,  har bir ona tili o’zining ming yillik tarixini, ajdodlarning ma’naviy boyligini, olam-olam kashfiyotlarini, durdona so’zlarini saqlaydi. Bu boyliklarni esa  millat o’z tilida asrlar davomida, nechog’lik mashaqqatlar va tajribalar bilan asta-asta sayqal beradi, asrab avaylaydi va bu jarayonni davom ettirish  har birimizning ma’sulyatli vazifamizdir. Internet ma’lumotlariga ko’ra hozirgi kunda  dunyoda 6000dan ortiq til shakllangan. Tabiyki  bu tillar so’z boyligi, grammatik qurilishi, nutqda qo’llanish darajasi bilan bir-biridan tubdan farq qiladi. Albatta bunga uning yaratilish vaqti,  joyi, sharoiti sabab bo’ladi. Shunday bo’lsada, o’zbek tili dunyodagi eng boy, shirali, imkoniyati darajasidan  qulay  til  hisoblanadi.

Avvalo, o’zbek tilining shunday shakllanishida  ajdodlarimiz Mahmud Qoshg’ariy, Lutfiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur,  Nodira, Ogahiylar samarali ijod qilgan bo’lsalar, Muqumiy, Furqat, Mahmud Xo’ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Cho’lpon, Abdulla Qodiriylar tilimizni yangi  pog’onaga olib chiqqanlar. Hozirda tilimizni yanada mukammallashtirish  yo’lida  sa’y-harakatlar olib borilmoqda.   Biron bir  mamlakat dunyo hamjamiyatida  o’z  o’rniga  ega bo’lish uchun  avvalo   o’z tiliga ega bo’lishi lozim. Abdulla Avloniyning ta’biri bilan aytganda ‘’Har bir millatning dunyoda borligini  ko’rsatadurgan oynai hayoti til va adabiyotdur.’’ Negaki til orqali, tilning cheksiz imkoniyati orqali  bir  davlat boshqa davlatlar bilan tanishadi va taniladi. Buning uchun yuqorida aytganimdek har bir davlat o’z ona tiliga ega bo’lishi lozim. Biroq, o’zbek xalqi o’z onatilining mustaqilligiga osonlikcha erishmadi. Hozirgidek davlat ishlarida, ta’lim tizimida, siyosiy aloqalarda , aholi o’rtasida keng ommalashgunga qadar o’zbek xalqi anchayin qiyinchiliklarni boshidan o’tqazdi. Nihoyat 1989-yil 21- oktabrda davlat tiliga o’zbek tilining maqomi berilishi bilan barchasiga barham beriladi.  O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida va O’zbekiston   Respublikasi

”Davlat tili haqida’’gi qonunning 1-moddasida o’zbek tilining davlat tili

 ekanligi, va bu maqomning berilishi respublika hududida yashovchi  boshqa millat va elatlarning o’z ona tilini qo’llashga monelik qilmasligi qat’iyan belgilab berildi. Zero, til qaysi til bo’lishidan qat’i nazar ,  bari birdek muqaddas, qadrli. Qolaversa, o’zbek xalqi azaldan mehmondo’st, bag’rikeng, boshqalarning qarashlariga bee’tibor bo’lmaydigon xalq. Shu boisdan, yurtimizda boshqa millat vakillari o’z ona tillarini o’raganishi  va shu tilda ish olib borishlari  uchun barcha qulay sharoitlar yaratib beradi. Hamda qonunda o’zga tillarni hurmat qilinishi belgilab berilgan. Hozirgi kunda o’zbek tili ham astalik bilan dunyo jamiyatida muomilaga kiritlimoqda, o’zbek tilida turli davlatlar bilan shartnomalar belgilanmoqda, o’zga davlatlar ham tilimizga qiziqish bildirmoqdalar. Mamlakatimizga kelayotgan ko’plab sayyohlar o’zbek tilida so’zlashishga harakat qilishadi. Turli Jahon chempionati deymizmi yoki olimpiadalarda g’olib bo’lgan hamyurtlarimizning nomlari ona tilimizda ham e’lon qilinadi. Shunday qilib ona vatanimiz hamda ona tilimiz  jahonning hamma eshiklaridan kirib bormoqdaki, biz o’zbek xalqi bundan faxrlansak arziydi.   Biroq shuni ham ta’kidlab o’tmoq zarurki bugunga kelib o’zbek tili qancha  rivoj topayotgan bo’lsa, anchayin tilimizga bepisandlik bilan muomila qilinmoqda : ba’zan ko’cha-ko’ylarda tilimizga hunuk , aytilishi qo’pol,  chetgan kirgan kirgan so’zlarni buzilgan variantini  qo’llash holatlari, jamoat joylarida faqat ayrim kishilar uchun tushunarli bo’lgan, shevaga oid so’zlarda muomila qilinishi,  bozorlarda, ko’chalarda, e’lonlar, mahsulot nomlari ko’zga tashlanarli darajada imlo xatolar bilan yozilganligi, lotin yozuvida to’ldirilishi lozim bo’lgan so’rovnomalarga kirill yozuv bilan to’ldirilishi kabi holatlar uchrab turadi. O’zbek tilining qabul qilinganiga 28 yil bo’layotgan bo’lsada ko’z yumib bo’lmas shunday katta xatoliklarga bee’tiborlarcha yo’l qo’yilmoqda. Ba’zilarga shu so’zlarni aytsangiz chet tilini o’rganyapman, chet tilini o’rganish zamon talabi deydilar. To’g’ri til o’rganish yaxshi , biroq, inson ,avvalo, o’z ona tilini to’liq o’rganmog’i, tilini hurmat qilimog’i kerak. Shundan so’ngina o’zga tilini o’rganishi maqsadga muvofiq. Bundan V asr ilgari yozilgan Navoiy bobomizning –” Tilga e’tiborsiz, elga e’tiborsiz’’ degan o’gitlari  bugungi zamonda ham birdek dolzarbligi hech birimizga sir emas. Biz hozirda tinch, osuda  va har narsamiz yetarli zamonda yashayapmiz ammo hozirgi jannat misoli hayotimiz bizga o’z-o’zidan muhayyo bo’lib qolmagan, Shunday ekan azizlar, har birimiz tinchlikka, osoyishtalikka shukrona qilish bilan birgalikda bugungi kunimizni asrab avaylaylik. Jumladan ona tilimizni ham ehtiyotlab yanada rivojlanishiga o’z hissamizni qo’shaylik! Vatanimizga, ajdodlarimizga munosib farzand bo’laylik!

Fotimaxon Boqiyeva TerDU Rus tili yo’nalishi 1-kurs talabasi