Home / Tadbirlar / UNIVERSITETDA XOTIRA TADBIRLARI SHUKUHI

UNIVERSITETDA XOTIRA TADBIRLARI SHUKUHI

Bugun Jizzax shahrida atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar o‘tkazildi. Ushbu marosimda ishtirok etish uchun Jizzax shahriga borgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sh.Rashidov xotirasiga bag‘ishlab bunyod etilgan ulug‘vor haykalning ochilishida ishtirok etib, nutq so‘zladi. Adib nomi bilan ataluvchi memorial uy-muzeyda bo‘lib, bu yerdagi ekspozitsiyalar va yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi, muzeyning faxriy mehmonlar kitobiga o‘z fikr va taassurotlarini yozib qoldirdi. Davlatimiz rahbari Jizzax shahrida Hamid Olimjon va Zulfiya xotirasiga bag‘ishlab bunyod etilgan yodgorlik majmuasini ham borib ko‘rdi. Viloyat musiqali drama teatrida atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasida ishtirok etdi.
Sharof Rashidov-1

Prezidentimizning joriy yil 27 martdagi «Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq Jizzaxda katta tayyorgarlik ko‘rilgan bu tantanali tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mehnat faxriylari, adabiyot va san’at namoyandalari, viloyat ahli, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan yurtdoshlarimiz, chet ellik mehmonlar ishtirok etdi. Xususan, ularda Termiz davlat universiteti rektorining ham qatnashishi Surxondaryo viloyati hokimligining voha ziyolilariga, oliygohning ilm-fan namoyandalariga bo‘lgan alohida e’tibori va e’zozi ramzidir.

Zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Termiz davlat universitetida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, fakultetlarda talaba-yoshlar o‘rtasida Sh.Rashidov hayoti va faoliyati, ijodi to‘g‘risidagi bilimlarni targ‘ib qilishga qaratilgan insholar tanlovi o‘tkazildi. Adib bilan bir davrda yashagan va uning faoliyatini yaqindan bilgan keksalar, madaniyat va san’at namoyondalari, olim va ziyolilar, shoir va yozuvchilar ishtirokida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuv va xotira kechalari tashkil etilib, ularda  respublikamizni juda murakkab va og‘ir yillarda boshqarib, yurt taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilgan, shu bilan birga, ijodiy faoliyati bilan milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga katta hissa qo‘shgan Sh.Rashidovning ibratli hayot yo‘li haqida talaba-yoshlarga so‘zlab berilmoqda.

Sh-2

Bugun ham shunday bo‘ldi. Jizzax viloyatida atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xotira tadbirlari shukuhi Termiz davlat universitetiga ko‘chdi. Oliygohda tashkil etilgan “Xalqimizning otashqalb farzandi” deb nomlangan tadbirda atoqli davlat arbobining mamlakat istiqboli yo‘lidagi ulkan ishlari faxr bilan tilga olindi, Prezidentimiz rahnamoligida ardoqli adib nomini abadiylashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tadbirlar haqida so‘z yuritildi.

Xususan, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor O.Ro‘ziyev, O‘zbek filologiyasi dekani M.Hamrayeva, Tarix fakulteti dotsenti A.Boltayev yig‘ilganlarga bu ulug‘ siymoning matonati, og‘ir damlarda xalq dardu quvonchini o‘ylab ish olib borgani, mamlakatimiz, uning istiqboli uchun yonib yashagani, poytaxtimizda bir qator yirik inshootlar, xususan, metropoliten qurilishi yo‘lidagi sa’y-harakatlari, nafaqat davlat arbobi, balki ijodkor sifatida ham ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lganinini e’tirof etdilar. Talabalar adib she’rlaridan namunalar o‘qidilar.

Sh-3

Sh-4

Sh-6

Termiz davlat universitetida atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechalari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar davom etmoqda.

                                                                                                                                 Zahiriddin To‘rayev, Shuxrat Xolmurodov.