Home / Tadbirlar / Termiz davlat universiteti: davr bilan hamnafas

Termiz davlat universiteti: davr bilan hamnafas

Davr shiddatkor. Taraqqiyotning ko’lami keng. Mana shunday paytda zamon bilan hamnafas qadam tashlash uchun astoydil izlanish, intilish zarur. Termiz davlat universitetida ham shu kunlarda zamon talabiga mos ravishda ta’lim sifati, mazmuni va samaradorligini yanada oshirishga, xorijdagi yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalari bilan istiqbolli hamkorlik aloqalarini yo’lga qo’yib, malakali chet el olimlarini jalb qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Kuni-kecha oliygohda Yaponiyaning Soko universiteti hamda Soko Gakkay Interneshnl (SGI) xalqaro buddizm uyushmasi hamkorligida “Markaziy Osiyoda buddaviylikning tarqalishida Termizning roli” mavzusida xalqaro ilmiy konferentsiya, shuningdek, Soko Gakkay Interneshnl (SGI) xalqaro buddizm uyushmasi prezidenti, jamoat va davlat arbobi, buddistlar mutafakkiri, faylasuf, pedagog, yozuvchi, shoir, fotoijodkor, Termiz davlat universiteti faxriy professori Daysaku Ikedaning “Tabiat bilan muloqot” nomli foto ko’rgazmasining o’tkazilishi bu boradagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga ko’tardi, desak mubolag’a bo’lmaydi.
Ilmiy konferentsiya avvalida Daysaku Ikedaning “Tabiat bilan muloqot” nomli fotoko’rgazmasi ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Unda Termiz davlat universiteti rektori A.Toshqulov, O’zbekiston Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o’rinbosari M.Xolmuhamedov hamda Soko Gakkay Interneshnl (SGI) xalqaro buddizm uyushmasi vitse-prezidenti Kendzi Yosigo mazkur ko’rgazmaning tomoshabinlarda, ayniqsa, yoshlarda Ona tabiat go’zalliklaridan bahra olish, ularni muhofaza qilish va unumli foydalanish, tabiat ne’matlariga mehr-muhabbat ruhini shakllantirishdagi ahamiyati haqida so’z yuritishdi. Ishtirokchilar universitet binosi fayesida tashkil qilingan Daysaku Ikedaning ijod namunalari, mashhur rassom tomonidan ishlangan landshaftlar va noyob tabiat ob’ektlari suratlari bilan batafsil tanishdilar.
Shundan so’ng “Markaziy Osiyoda buddaviylikning tarqalishida Termizning roli” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferentsiya o’z ishini boshladi. Unda Termiz davlat universiteti hamda Yaponiyaning Soko universiteti olimlari, shuningdek, onlayn tarzda O’zbekiston Milliy universiteti, Nizomiy nomidagi Pedagogika instituti, Samarqand davlat universitetining yetakchi professor-o’qituvchilari ishtirok etishdi. Konferentsiyada olimlar tomonidan ma’ruzalar qilindi. Ayniqsa, Yaponiyaning Soko universiteti qoshidagi Xalqaro buddizm tadqiqotlari instituti direktori, professor Seysi Karasimaning ma’ruzasida ta’kidlangan mavzuga oid ilmiy yangiliklar o’zbekistonlik olimlar tomonidan iliq kutib olindi. Amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari yuzasidan savol-javoblar bo’ldi.
Ilmiy konferentsiya ikki qismdan iborat bo’lib, ma’ruzalardan so’ng ishtirokchilar kunning ikkinchi yarmidan sektsiyalarga bo’lingan holda mavzu yuzasidan o’zaro fikr almashdilar.
Tashrif davomida yaponiyalik mehmonlarning oliygoh rahbariyati bilan ikki tomonlama muloqoti bo’lib o’tdi. Muloqot chog’ida Termiz davlat universiteti hamda Yaponiyaning Soko universiteti va Soko Gakkay Interneshnl (SGI) xalqaro buddizm uyushmasi o’rtasida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, talabalarning magistratura, tadqiqotchilarning doktorantura dasturlari bo’yicha o’qishlarini tashkil etish, o’qituvchilarning malaka oshirishi, stajirovka o’tashini yo’lga qo’yish, ilmiy ishlar himoyasi va maqolalar chop etilishini rag’batlantirish, yuqori malakali o’qituvchilar va olimlarni jalb etish masalalari yuzasidan kelishib olindi. Muloqot yakunida Soko Gakkay Interneshnl (SGI) xalqaro buddizm uyushmasi vitse-prezidenti professor Kendzi Yosigoga Termiz davlat universitetining Jahon tarixi kafedrasi, Soko universiteti professori Seysi Karashimaga esa O’zbekiston tarixi va arxeologiya kafedrasining faxriy professori unvonlari berildi.
Xalqaro ilmiy konferentsiya hamda fotoko’rgazma namoyishining ertasi kuni yaponiyalik olimlarning Termiz arxeologiya muzeyi, Al-Hakim at-Termiziy, “Kampirtepa”, “Qoratepa”, “Fayoztepa” singari tarixiy yodgorliklarga sayohati uyushtirildi.

FOTO LAVHALAR

1 2 3 4 5 6 7 8 09 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31

Zahiriddin To’rayev,

Bunyod Yoqubov