Termiz davlat universitetida hozirda minglab yoshlar o’zi tanlagan mutaxassisligi bo’yicha ta’lim olishmoqda. Bu talabalarning kelgusida yuqori malakali, madaniyatli hamda professional jihatdan yetuk shaxs sifatida jamiyatda kechayotgan demokratik va tub iqtisodiy o’zgarishlarning ishonchli tayanchi bo’lishi uchun bugun universitetda o’quv-tarbiyaviy jarayonlarni sifatli va samarali tashkil etish, yoshlarning iste’dod va iqtidorini, ilm-fan yo’lidagi ishtiyoq va intilishlarini qo’llab-quvvatlash borasida keng shart-sharoit hamda imkoniyatlar yaratib berish lozim bo’ladi.
Xo’sh, sifatli kadrlash tayyorlash bilan bog’liq universitet oldiga qo’yilayotgan bu vazifalar qay darajada bajarilmoqda? Intelektual va ma’naviy jihatdan barkamol fazilatlarni o’zlashtiruvchi inson deb qaralayotgan talaba o’qituvchining malakasi, kasbiy darajasi, pedagogik mahorati qoniqayaptimi?
Ana shu savollar doirasida talabalarning fikrlarini bilish maqsadida endilikda har hafta dushanba kunlari TerDU rektori talabalar bilan ochiq muloqot o’tkazadigan, qaysi fakultet talabalari bilan muloqot bo’lgan bo’lsa shu kuni boshqaruv apparati xodimlari ishtirokida o’tadigan Rektor huzuridagi yig’ilish ham sayyor tarzda o’sha fakultetda tashkil etiladigan, unga tegishli professor-o’qituvchilar ham taklif etilib, muloqot davomida talabalar tomonidan aytilgan muammoli masalalar tanqidiy ruhda ko’rib chiqiladigan va yechimi yuzasidan aniq vazifalar belgilanadigan bo’ldi.
Shunga muvofiq, TerDU rektori Abduqodir Toshqulov kecha Pedagogika fakultetining barcha – jami 900 nafar talabasi bilan ochiq muloqot o’tkazdi.
Muloqot o’z nomi va mazmunidan kelib chiqib, ochiq va konstruktiv ruhda bo’lib o’tdi. Talabalar o’quv-tarbiyaviy jarayonlarni tashkil etish bilan bog’liq muammoli masalalar yuzasidan fikr-mulohaza va takliflarini erkin tarzda ham og’zaki, ham ijtimoiy so’rovnoma orqali bayon qildilar.
Ochiq muloqotdan so’ng shu kunning o’zida TerDU boshqaruv apparati xodimlari hamda Pedagogika fakulteti professor-o’qituvchilari ishtirokida kengaytirilgan yig’ilish o’tkazildi.
Unda avvalida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida 13 aprel kuni Sayxunobod tumanida faollar yig’ilishida bergan ko’rsatmalari, bildirilgan fikr-mulohazalari monitorlar orqali yig’ilganlarga takroran eshittirildi.
Shundan so’ng ushbu ko’rsatmalar ijrosi hamda Pedagogika fakulteti talabalari bilan o’tkazilgan muloqot va ijtimoiy so’rovnoma o’tkazish jarayonida ular tomonidan aytilgan muammoli masalalar, o’tiladigan darslarning samaradorliginioshirish bo’yicha
berilgan taklif va mulohazalar yechimi yuzasidan mas’ullar va o’qituvchilarga qat’iy ko’rsatmalar berilib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.