Bosh sahifa / Iste’dodli yoshlar – yurt kelajagi / SO’LIM DIYORIM “BOYSUN”

SO’LIM DIYORIM “BOYSUN”

M.D. Rahmatillayeva TerDU talabasi

Har bir mamlakatning tarixi, madaniyati, urf-odati bo’lganidek, bizning Vatanimizning ham o’ziga xos tarixi mavjud. Mamlakatimiz qadimdan azaliy tarixga ega bo’lib, undagi har bir viloyat, shaharlar ham o’zining tarixiga boy. Xususan, mening so’lim diyorim Boysun ham qadimdan o’z madaniyati, tarixiga ega, olimlar, shoirlar, adiblar, allomalar, mudarrislar yurti bo’lib, Sharqiy Buxoroda alohida o’rin tutgan. Ularning ijodi o’z davri ilmiy-adabiy muhitiga katta ta’sir ko’rsatganligi manbalardan ma’lum. “Boysun” atamasi qadimiy turkcha “boy” va “sin”dan olinib, ulug’ tog’ yuxud katta tog’ degan ma’noni anglatgan. Qadimiy turkiy qavmlarda boshqa narsalarga sig’inishlar qatoriga toqqa sig’inish ham mavjud bo’lib, tog’lar muqaddas sanalgan. Mahalliy rivoyatlarga ko’ra, bu yerda qadimdan turkiy qavmlarning badavlat kishilari yashagan bo’lib, “Boysun” atamasi “boylar qishlog’i” ma’nosini anglatgan. Boysun 1926-yil 29-sentabrda tashkil topgan bo’lib, viloyatning g’arbida joylashgan. Shimoliy sharqda Sariosiyo, sharqda Qumqo’rg’on, janubida Qiziriq, Bandixon tumanlari, janubiy g’arbda Sherobod tumani bilan, Shimoliy-g’arbda Qashqadaryo viloyatining Qamashi va g’arbda Dehqonobod tumanlari bilan chegaradosh.

Boysun tumanida qadimiy qalʼa shaharlar koʻplab topilgan. Eng yiriklari: Poykoʻrgʻon, Qozimullatepa, Saribandtepa, Yalangtoʻshtepa, Darband, Munchoqtepa, Boʻyrachi, Qiziljartepa, Mullatepa, Kallaqoʻrgʻon. Ibtidoiy odamlar yashagan gʻorlar, manzillar: Teshiktosh, Machay, Katta Suluvkamar, Doʻkonxona, Amir Temur, Iskandarxon va boshqa Sayrob chinori, Temir darvoza, Teshiktosh g’ori, Dinozavr izlari, Bibishox shotisi, Boybuloq gʻori, Poyonqoʻrgʻon kabi tarixiy obidalar bor.

Tuproqlari boʻz tuproq, chimli, qoʻngʻir va och qoʻngʻir togʻ tuproqlari, shurxok tuproqlar. Yovvoyi oʻsimliklardan shoʻra, yantoq, jinchak, qizgʻaldoq. boychechak, yaltirbosh, noʻxatak, togʻrayxon, kiyikoʻt, gulxayri, shuvoq, dorivor oʻsimliklardan alkor, hartol, zanjovul, oʻlmasoʻt, qontepar, oqshair, archa, yovvoyi mevali daraxtlar va boshqa o’simliklar o’sadi. Aholisi, asosan oʻzbeklar, shuningdek tojiklar ham yashaydi. Boysun tumani foydali qazilmalarga boy hisoblanib, jumladan, ko’mir, tabiiy gaz, polimetall rudalari, boksit, fosforit, kaliy tuzi, oltingugurt, yonuvchi slanes, va xokazolar. Boysun tumanining asosiy tarmoqlari chorvachilik, don xoʻjaligi, oʻrmon xoʻjaligi, beda urugʻchiligi, bogʻdorchilik va tokchilikdir. Boysunnig janubiy qismidan viloyatlararo avtomobil yo’llari o’tgan. Shahar aholisi kulolchilik, temirchilik, zargarchilik, kashtachilik, duradgorchilik, kosibchilik, qandolatchilik bilan shug’ullanadi.

Boysun tumani o’ziga xos ijtimoiy-madaniy taraqqiyot tarixiga ega. Madaniyat milliyligi Boysunning har bir go’shasida ufurib turadi. Xususan, Boysun xalqi ma’naviy hayotida musiqa alohida o’rin tutadi, u o’ziga xos milliy xususiyatlari va chuqur obrazli, ta’sirchan mazmuni bilan ajralib turadi. Unda xalqning dunyoqarashi, e’tiqodi, ruhi, tarixi o’z ifodasini topgan. Boysun tumanida qadimiy qo’shiqlar, raqslar va urf-odatlar juda yaxshi saqlanib qolgan bo’lib, buni mahalliy aholining turmush tarzi va uning ongidagi badiiy ko’rinishi, deyish mumkin. Bundan tashqari Boysun xalqi mehmondo’st xalqlardan biridir. Boysunda yoru-birodar, qarindosh-urug’ va do’stlar bilan tez-tez bordi-keldi qilib turish eng yaxshi fazilatlardan biri hisoblanadi. O’z uyiga kelgan mehmonni ochiq yuz bilan kutib olishlari ham bir xislatdir.

Boysun tumani shifobaxsh maskanlar makoni sanaladi. Buning yaqqol misoli inson tanasi uchun shifobaxsh bo’lgan “Omonxona bulog’i”dir. Omonxona suvi inson tanasidagi surunkali gepatit, surunkali xolistet, oshqozon-ichak tizimida uchraydigan barcha kasalliklar, qandli diabet, oshqozon osti bezi yallig’lanishi, xafaqon kabi kasalliklarga shifo bo’lib kelmoqda.

Vatanimiz tarixini o’rganish tufayli xalqimiz tomonidan qo’lga kiritilgan yutuqlarni ommalashtirish, moddiy va ma’naviy merosimizni tiklash hamda yosh avlod ongiga singdirish g’oyat ahamiyatlidir. Boysun qadimdan to hozirgi vaqtgacha ilm-tafakkurning vatani, badiiy adabiyot hamda xalq og’zaki ijodiyotining rivojlanishiga hissa qo’shgan hudud sifatida jahon jamoatchiligi e’tiborini tortib kelmoqda. “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalining O’zbekiston hududida o’tkazilishi, o’nlab xorijiy mamlakatlarning vakillari ishtirok etadigan ushbu san’at anjumani dunyo sivilizatsiyasi beshiklaridan biri, ko’hna qadriyatlar makoni bo’lmish Surxon vohasida qadimiy Boysun tuprog’ida o’tayotganligi, bu betakror maskanning nufuzli xalqaro tashkilot – YUNESKO  tomonidan “Insoniyat og’zaki va ma’naviy merosi durdonasi” sifatida e’tirof etilganining o’zi ham fikrimizning yaqqol isbotidir. Bu yuksak e’tirofni asrlar davomida xalq og’zaki ijodining eng go’zal namunalarini, milliy urf-odatlarini asrab avaylab kelayotgan o’zbek xalqining qadimiy va teran ma’naviyatiga berilgan munosib baho desak, hech qanday xato bo’lmaydi.

Shu ma’noda, Boysun elining maftunkor san’ati ham xalqimiz yaratgan benihoyat boy va rang-barang milliy madaniyatning o’ziga xos bir ko’rinishidir.

Biz xalqimizning ko’p asrlik hayot tajribasini, orzu-intilishlarini o’zida mujassam etgano’lmas merosimizdan ma’naviy kuch-quvvat olamiz, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg’unligiga asoslangan yangi hayot, yangi jamiyat barpo etishda mustahkam tayanch, deb bilamiz.

Chunki xalq ruhining ko’zgusi bo’lgan folklor san’ati, o’z ma’no-mazmuniga ko’ra, odamzod qalbida mehr-shafqat, muhabbat va do’stlik, hamjihatlik kabi ezgu tuyg’ular uyg’otadi, har bir insonni o’zligini, qadimiy tomir ildizlarini anglashga da’vat etadi.

 Boysun milliy urf-odatlar, an’analar, qadriyatlar, milliy g’urur, vatanparvarlik, insonparvarlik kabi umuminsoniy g’oyalarga hamisha amal qilgan maskan, tabiati qalblarni maftun etgan so’lim diyor, tariximiz va kelajak orasidagi ko’prik desak sira mubolag’a bo’lmaydi.