Bosh sahifa / Tadbirlar / TERDU: ELNI AZIZ QILAR ELDA AZIZLAR

TERDU: ELNI AZIZ QILAR ELDA AZIZLAR

Oqibat va totuvlik bor yurtda qut-baraka bo’ladi, deydi ko’pni ko’rganlar. Zero, yurtimizda 9 mayning “Xotira va qadrlash kuni” sifatida nishonlanishida o’ziga xos ramziy ma’no bor. Ushbu kun nafaqat yurt tinchligi, Vatan ozodligi yo’lida aziz jonlarini fido qilgan, yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo’shgan minglab insonlarni xotirlash, haqlariga duo qilish, shu bilan birga, yaqinlar, nuroniylar, mehr va muruvvatga muhtoj kishilar holidan xabar olish, ularning yolg’iz emasligi, doimo e’tiborda ekanligini yana bir bor his etishlarini ta’minlash kuni sifatida ham qalbimizdan joy olgan sanadir.

Ushbu sana munosabati bilan Termiz davlat universitetida ham “Inson qadri ulug’, xotira muqaddas”, “Mardlik, burch va sadoqat” shiorlari ostida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. O’tganlar xotirlanib, keksalarga yuksak izzat-ehtirom ko’rsatilmoqda.

Xususan, bugun Pedagogika fakultetida o’tkazilgan tadbirga  soha rivoji uchun beqiyos mehnati singgan faxriy o’qituvchilar, marhum ustozlarning oila a’zolari taklif qilindi. Unda shogirdlar inson qalbining me’morlari bo’lgan aziz ustozlarini bayram bilan qutlab, umrlari-da halol mehnatlari singari barakali bo’lishini tiladilar. O’z navbatida faxriylar ham so’zga chiqishib, o’zlarining ko’p yillik tajribalari bilan o’rtoqlashdilar, professor-o’qituvchilarni yanada shijoat bilan ishlashga undadilar.

Shundan so’ng mehmonlar bayram dasturxoniga taklif qilindilar. Mehr bilan tuzalgan to’kin dasturxon atrofida ustoz va shogirdlar dildan suhbat qurdilar. O’tganlar ruhlariga bag’ishlab tilovat qilindi, keksalarning duolari olindi.

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12