Bosh sahifa / Tadbirlar / TERDU RESPUBLIKA FAN OLIMPIADASIGA MEZBONLIK QILMOQDA

TERDU RESPUBLIKA FAN OLIMPIADASIGA MEZBONLIK QILMOQDA

Xabaringiz bor, joriy yilning mart-aprel oylarida barcha oliy ta’lim muassasalarida talabalar respublika fan olimpiadasining birinchi bosqichi o’tkazilib, g’oliblar ikkinchi bosqichga yo’llanma olishgandi. Shu kunlarda olimpiadaning ikkinchi – yakuniy bosqichi har yilgidanda yuksak saviyada, adolat mezonlariga amal qilingan holda o’tkazilmoqda.

Xususan, tarix fani bo’yicha talabalar olimpiadasining ikkinchi bosqichi Termiz davlat universitetida o’tkazilishi munosabati bilan bugun bu yerga mamlakatimizning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan 20 nafar iqtidorli talabalar, ularning ilmiy rahbarlari tashrif buyurishdi. Uning ochilish marosimida so’zga chiqqan universitet rektori Abduqodir Toshqulov mehmonlarni tashrif bilan qutlar ekan, nufuzli olimpiadaga mezbonlik qilish ulkan sharaf va mas’uliyat yuklashini,  ushbu fan olimpiadasi talabalarning bilim, qobiliyat va iqtidorini namoyish etish bilan birga, ular ta’lim olayotgan maskanda olib borilayotgan samarali ta’lim-tarbiyaning mahsulini ko’rsatishini ham ta’kidlab, bilimlar bellashuvida talabalarga muvaffaqiyatlar tiladi.

Shundan so’ng fan olimpiadasini o’tkazish bo’yicha tashkiliy masalalar ko’rib chiqildi. Uni o’tkazish bo’yicha Hakamlar hay’ati tarkibi, Adolat va Mandat komissiyalari a’zolari saylab olindi.

Tarix fani bo’yicha talabalar olimpiadasida  yozma ish, test sinovlari, og’zaki savol-javoblar orqali talabalarning bilimlari baholanadi. Ayni daqiqalarda talabalar tarix fanidan olgan bilimlarini yozma shaklda bayon etishmoqda. Fan olimpiadasi g’oliblari nomi ertaga ma’lum bo’ladi.

Eslatib o’tamiz, shu ikki kun davomida mehmonlarning  TerDU hayoti, o’quv-tarbiyaviy jarayonlar  bilan yaqindan tanishishlari, yangi do’stlar orttirishlari, bilim va tajribalarni o’zaro o’rtoqlashishlari uchun bu yerda turli madaniy tadbirlarni uyushtirish ko’zda tutilgan.1 2 3 4 5 6