Bosh sahifa / Tadbirlar / TERMIZDA KITOB BAYRAMI

TERMIZDA KITOB BAYRAMI

Bugun Termiz shahridagi Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog’ida “Adabiyotga e’tibor — kelajakka, ma’naviyatga e’tibor” shiori ostida Respublika “Kitob bayrami” o’z faoliyatini boshladi. Surxondaryo viloyati hokimligi hamda qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yozuvchi va shoirlar, olimlar, noshirlar, yoshlar, xususan Termiz davlat universiteti professor-o’qituvchilari va iqtidorli talabalari faol ishtirok etdi.

Ushbu ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirda so’zga chiqqanlar Prezidentimizning 2017 yil 12 yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ’ibot qilish bo’yicha komissiya tuzish to’g’risida”gi farmoyishi ijrosi doirasida tashkil etilgan ushbu tadbirning ahamiyati haqida so’z yuritishdi.

Eslatib o’tamiz, “Kitob bayrami” ikki kun davom etadi. Ayni daqiqalarda madaniyat va istirohat bog’ida tashkil etilgan ko’rgazma va kitob savdolarida yurtimiz nashriyotlarida chop etilgan badiiy, siyosiy, ilmiy-ommabop adabiyotlar, darslik va qo’llanmalar taqdim etilmoqda. Shuningdek, tadbir doirasida “Kitob – millatning bebaho madaniy va ma’naviy merosi” mavzusida yangi kitoblar taqdimoti hamda viloyatda faoliyat yuritayotgan adabiy klublar ishtirokchilari mushoirasini o’tkazish ko’zda tutilgan.

1 2 3 4 5 6 7

One comment