Bosh sahifa / Tadbirlar / ROSSIYA FANLAR AKADEMIYASI OLIMLARI TERDUDA OCHIQ DARS O‘TISHDI

ROSSIYA FANLAR AKADEMIYASI OLIMLARI TERDUDA OCHIQ DARS O‘TISHDI

Termiz davlat universitetida Rossiya Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti olimlarining “Uzundara yodgorligining Baqtriya ellinizm davri moddiy madaniyatini o‘rganishdagi ahamiyati” mavzusida ochiq darsi hamda ushbu yodgorlik hududidan topilgan arxeologik topilmalar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

1

Boysun tumanining Sayrob qishlog‘i tog‘ yon bag‘rida joylashgan, Aleksandr Makedonskiy davriga oid Uzundara qal’asi o‘tmishda Baqtriya va So‘g‘diyonani bog‘lab turuvchi yo‘l vazifasini o‘tagan. Mutaxassislarning fikricha, qal’a Baqtriyaning chegara posti sifatida hududni tashqi xavf-xatardan qo‘riqlab turgan. Bu yerdan chegara otryadlari Suvsiztog‘ va Darbanddagi chegara hududlarni nazorat qilgan.

2

Yodgorlik hududida tadqiqot ishlarini olib borayotgan O‘zbekiston – Rossiya qo‘shma ekspeditsiyasi a’zolari – Rossiya Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutining ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi N.Dvurechenskaya, chexiyalik taniqli arxeolog olim L.Stancho bilan o‘tkazilgan ochiq darsda talabalarga bu yerdagi tadqiqotlar davomida qo‘lga kiritilgan ellinizm davriga oid ashyolar haqida so‘zlab berildi.

3

– Ekspeditsiyamiz tomonidan qal’a hududidan ko‘plab arxeologik to‘liq vannalar va cho‘milish kosalari, qurollar majmuasi, harbiylarning temir uzugi, bilakuzuk kabi taqinchoqlar, temir sovut bo‘laklari, ot abzallari topildi, bronza va sopol chiroqlar, pichoq va boshqa xo‘jalik anjomlari topildi, – deydi N.Dvurechenskaya. Bu topilmalar Baqtriyaning shimoliy chegarasi qadimgi Amudaryo o‘zanlaridan emas, balki Boysun tog‘laridan o‘tganini yana bir marta isbotladi.

4

Ochiq darsdan so‘ng ushbu ekspeditsiya natijalari asosida topilgan arxeologik topilmalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazmadan o‘rin olgan noyob topilmalar, ayniqsa ularning ba’zilarida saqlanib qolgan qal’a aholisining yunon tilidan foydalanganligini isbotlovchi tamg‘a va yozuv bo‘laklari talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi.

 

5

6

7