Bosh sahifa / Tadbirlar / TERMIZ DAVLAT UNIVERSITETI VAKILLARI TAQDIRLANGANLAR SAFIDA

TERMIZ DAVLAT UNIVERSITETI VAKILLARI TAQDIRLANGANLAR SAFIDA

Termiz shahridagi San’at saroyida joriy yilning 18 avgust – 2 sentabr kunlari Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida o‘tkazilgan XVIII yozgi Osiyo hamda  6-18 oktabr kunlari Argentinaning Buenos-Ayres shahrida bo‘lib o‘tgan III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilgan surxondaryolik sportchilar hamda respublikada jismoniy tarbiya va sport sohasida malakali kadrlar tayyorlashda jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan murabbiylardan bir guruhini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Taqdirlanganlar orasida Termiz davlat universitetining Jismoniy tarbiya fakulteti talabasi Ilmatova Rinata Rinatovna hamda Jismoniy tarbiya kafedrasi mudiri Amonturdiev Baxtiyor Qurbonovich ham bor. O‘tkazilgan tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Bahodir Po‘latov sportchilar va ularning murabbiylarini xalqaro maydonlarda erishgan muvaffaqiyatlari bilan tabriklab, boshqa taqdirlanganlar qatorida R.Ilmatovaga esdalik sovg‘alari, B.Amonturdievga “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishonini tantanali ravishda topshirdi.

Ma’lumot uchun, sportning dzyudo turi bo‘yicha 2017 yilning dekabr oyida Turkiyaning Istambul shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida 3-o‘rin, 2018 yilning mart oyida Hindistonning Dehli shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida 1-o‘rinni egallagan R.Ilmatova XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida ham faol ishtirok etdi. Zero, tadbirda ham ta’kidlanganidek, bu gal talabamizga g‘olib bo‘lish nasib etmagan bo‘lsada uzoq mamlakatda o‘tkazilgan shunday nufuzli musobaqada butun xalqimiz nomidan o‘rtaga chiqishning o‘zi ulkan muvaffaqiyatdir.

Termiz davlat universiteti rektorati nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan, Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib kelayotgan ushbu sportchi-talabamizning hamda uning murabbiysi, jismoniy tarbiya va sport sohasida malakali kadrlar tayyorlashda jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan tajribali kafedra mudiri B.Amonturdievning keyingi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi.

1

2

3

4

5

6