Home / Inson ongi uchun kurashning yangi shakllari

Inson ongi uchun kurashning yangi shakllari

Boxodir Daminov,Din ishlari bo’yicha

qo’mita mas’ul xodimi

Insoniyat tarixiga nazar soladigan bo’lsak qora kuchlarning moddiy boyliklar, siyosiy hokimiyat va boshqa manfaatlar uchun har davrda o’ziga xos tarzda kurashi kechganligiga guvoh bo’lamiz. Bu kurashlar dastlab qabilalar o’rtasida, keyinchalik esa davlatlar o’rtasidagi urushlarga olib keldi. XX asrga kelib insonning xohish istagi o’zining yangi bosqichiga o’tib, global darajaga ko’tarilib, butun jahon davlatlarini o’z domiga tortgan va millionlab kishilarning umriga zomin bo’lgan I va II “Jahon urushlari”ning yuzaga kelishiga sabab bo’ldi. 

Bugungi kunga kelib, o’zining kurash turlari va uslublarini takomillashtirib geosiyosiy o’yinlarni davom ettirayotgan qabih niyatli kimsalar endi biror-bir davlatni bosib olib, uning tabiiy boyliklariga erishish uchun avalgidek millionlab mablag’ sarflamasdan, qurol yarog’ ishlatib hujum qilayotgani yo’q. Balki, o’sha mamlakatning fuqorolari ongini zaharlab, ularni ma’naviyati, tarixi va o’zligidan ayirib, ularni manqurtga aylantirish orqali o’z maqsadlariga yetishni ko’zlamoqdalar. Shu sababli ham XXI asrni “inson ongi uchun kurash asri” deb atasak mubolag’a bo’lmaydi. Insonni boshqa maxluqlardan ajratib turuvchi ongini egallashga qaratilgan harakatlar turli xil ko’rinishlarda namoyon bo’lmoqda. Chunki, ongini o’g’irlatgan insonni hoxlagan kuyga solish mumkin. Bu kabilarni esa dono xalqimiz “manqurt” deb hisoblab kelgan.

Hozir esa insonni “manqurtga” aylantirishning bir necha xil yangi ko’rinish va usulublari yaratilgan bo’lib, ular allaqachon o’z samarasini bera boshladi. Inson ongi uchun kurash uslublarining takomillashishi kurash maydonlarining ham o’zgarishiga olib keldi. Endi avvalgidek biror-bir davlat hududida emas balki, OAV ning insonga nisbatan ta’sir kuchidan foydalanib, mafkuraviy poligonlar yaratildi va kibrterrorizmga asos solindi.

Internet insoniyat hayotining ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Bugungi kunga kelib dunyo aholisining deyarli 35% (2 milliard 400 milliondan ortiq) qismi internetga ulanish imkoniga ega. Mutaxassislar tomonidan 2020 yilga borib bu ko’rsatkich 50%ni tashkil etishi aytib o’tilmoqda.

Mutaxassislarning tadqiqotlari natijasiga ko’ra hozirda internet tarmog’idagi ma’lumotlarning 70-75 %i inson uchun zarar keltiruvchi g’oyalar hisoblanadi. Afsuski bu nisbat yil sayin ortib bormoqda.\r\nYangi poligonlarda inson ongini egallash uchun jang qilayotgan buzg’unchi g’oyalar qatoriga diniy-ekstremizm, terrorizm, missionerlik, “ommaviy madaniyat” va turli axborot xurujlarini kiritishimiz mumkin. XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida dunyo siyosatchilari orasida “dunyoni kim boshqaradi?” degan savolga “Kim temir yo’lga egalik qilsa, o’sha” degan javob berilar edi. Bugun esa bu savolga “Kim axborotga egalik qilsa, o’sha” deb javob bersak mubolag’a bo’lmaydi.

Dastlab siyosiy xokimiyat vakillarini yo’q qilish yoki tinch aholi orasida vahima chiqarish maqsadida tashkil qilingan terrorizm ham vaqt o’tishi bilan o’z ko’rinishi o’zgartirib, dinni niqob qilish orqali global darajaga ko’tarildi va butun jahonni tashvishga solmoqda. Albatta, bu kabi tashkilotlar siyosatdagi “uchinchi qo’l” vakillari tomonidan tashkil qilinayotgan geosiyosiy o’yinlarda o’z rolini ijro etayotgan bir qo’g’irchoqdir. Insonni junbushga keltirishning eng samarali yo’li bu uning e’tiqodiga ta’sir qilishdir. Shu sababli ham bugungi kunda dunyoda 800 yuzdan ortiq dinni niqob qilib olgan turli diniy-ekstremistik tashkilotlar faoliyat olib bormoqda.

Bugungi kunga kelib, turli buzg’unchi kuchlar inson ongini egallab, ulardan o’zlarining turli g’arazlari yo’lida OAV va internet orqali ta’sir etish orqali foydalanib kelishmoqda. Mutaxassislarning fikricha, hozirda ekstremizmning turli ko’rinishlarini o’zida tashuvchi g’oyalar targ’iboti bilan shug’ullanuvchi 100 mingdan ortiq saytlar faoliyat olib bormoqda.\r\nMisol uchun, hozirda internet tarmog’ida jahonda yuz berayotgan turli noxush hodisalar, kelajak haqidagi noxush tahlillarni berish orqali shaxs ongiga ta’sir qilib, unga “bu dunyo adolatsizlik va zulmga to’la, unda yashashdan ma’no yo’q, bundan qutulishning yagona yo’li – o’lim” degan g’oyani singdirish orqali o’zini-o’zi nobud qilish, bundan ham dahshatlirog’i “o’zgalarni ham bu zolim dunyodan qutqarish” shiori ostida boshqa odamlarning ham hayotiga zomin bo’lish kabi oqibatlarga sabab bo’layotgan minglab saytlar faoliyat olib bormoqda. Ma’lum kuchlar tomonidan muayyan maqsadlarga erishish yo’lida tashkil etilgan mazkur saytlarning aksar ta’siri hozircha individualizm g’oyalari hukmron bo’lgan jamiyatlarda insoniy qadriyatlar, oila instituti, o’zganing dardi bilan yashash, jamoa manfaatlarini shaxsiy manfaatlaridan ustun qo’yish kabi ezgu qadriyatlarning yo’qolib borishi bilan izohlash mumkin.

Diny-ekstremistik tashkilotlar qatorida missionerlik bilan shug’ullanuvchi turli sektalar ham inson ongini egallashda internet tarmog’idan foylanib kelmoqda. Ular o’zlarini ko’rinishidan beozor, insonlarga yordam berishni oldiga maqsad qilib qo’ygandek ko’rsatsalarda, bu buzg’unchilarning asl maqsadi butunlay boshqacha.

Internet va OAVda missionerlik faoliyatini amalga oshiruvchi sayt va kanallar ham ko’pchilikni tashkil qiladi. Ayniqsa sun’iy yo’ldosh orqali efirga uzatiladigan minglab kanallarda to’xtovsiz ravishda missionerlik va prozelitizm faoliyati olib borilmoqda. Bu kabilar qatoriga “CNL”, “Church Channel”, “TBN” va “God TV” kabi protenstantlik yo’nalishidagi kanallarni kiritib o’tishimiz mumkin.

Shuningdek bugungi kunda, insoniylikka butunlay zid, yovuzlikka asoslangan shaytoniy sektalar faoliyati ham jadallashmoqda.\r\nBu kabi sektalar qatoriga 1966 yilda Anton Lavey tomonidan asos solingan “Shayton cherkovi” (Church of Satan) tashkilotini misol qilib keltirish mumkin. Mazkur shaytonparastlarning rasmiy saytlari va unga ergashuvchi turli guruhlarning internet sahifalari orqali har qanday din va ezgu g’oyalarga qarshi qaratilgan yovuzlik, zo’ravonlikni targ’ib qiluvchi, shaytonga sig’inishga chorlovchi ta’limotlar berilmoqda. Ayollarni zo’rlash, pornografik materiallarni ko’rish va tarqatish, rok musiqalari orqali jazavaga tushish, ommaviy zino qilish kabi insoniyatni tubanlikka olib boruvchi bu kabi ishlar tashkilot a’zolarining kundalik marosimlari va “ibodatlari” hisoblanadi. Maxfiy ravishda uyushtiriladigan maxsus yig’ilishlarda esa odam o’ldirish va bokira qizlarni zo’rlash orqali shaytonga yaqinlik hosil qilishga intilishadi. Shunisi ajablanarliki, bu kabi vahshiyona qabihliklar bilan shug’ullanuvchi tashkilotlarning “demokratiya” libosi ostida “din” sifatida qabul qilinib, ro’yxatga olinishi ba’zi o’zini butunjahon inson huquqlari himoyachisi sifatida ko’rsayotgan davlatlar tomonidan amalga oshirilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, hozirda turli guruh va oqimlar tomonidan diniy ekstremizm va aqidaparastlikni targ’ib qilishda, jamiyatda norozilik kayfiyatini tarqatishda ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanilmoqda. Internet orqali suhbat olib borish jarayonida yoshlarga “kufr diyori”, “hijrat”, “jihod”, “shahidlik”, “xalifalik” kabi g’oyalarni noto’g’ri talqin qilib, ularni turli to’qnashuv va nizo o’choqlariga jalb qilinmoqda. Turli kuchlarning nog’orasiga o’ynayotgan diniy ekstremistik va terrorchi oqimlar tomonidan u yerlarda amaliyotni o’tab kelgan aqidaparast, diydasi qotgan, mustaqil fikrlashdan mahrum, rahnamolarining har qanday buyruqlarini ko’r ko’rona qonun deb biluvchi zombi jangarilardan tinch mintaqalarda ham turli nizolar va beqarorliklarni keltirib chiqarishda foydalanish maqsadi bugun ko’pchilikka ayon haqiqatdir.

Internet tarmog’ining chegara bilmasligi, sun’iy yo’ldosh orqali efirga uzatiladigan fazoviy kanallarga to’siq qo’yishning iloji yo’qligini hisobga oladigan bo’lsak, hozirgi kunda bu kabi buzg’unchi g’oyalardan aholini, xususan yoshlarni asrash uchun ularda bu kabi yot g’oyalarga qarshi ma’naviy immunitet hosil qilish, internet va OAV orqali mazkur guruhlarga asosli raddiyalar berish, sof diniy ta’limotlarni yoshlarga yetkazish, ularni xalqparvarlik, vatanparvarlik, sadoqat ruhida tarbiyalash muhim ahamiyatga ega ekanligi yaqqol namoyon bo’ladi.

Yoshlarni muqaddas diniy ta’limotlarimiz va qadiriyatlarimiz, ota-onaga hurmat, xalq dardi bilan yashash, oilani muqaddas deb bilish, kelajakka umid ko’zi bilan boqish kabi ezgu tushunchalar ruhida tarbiyalash bugungi kunning dolzarb vazifasiga aylandi desak mubolag’a bo’lmaydi. Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda barchamiz o’z burchimizni his etishimiz, ogoh bo’lishimiz, Vatanimizning kelajagi uchun mas’ul ekanimizni unutmasligimiz lozim.