Home / Milliy valyuta

Milliy valyuta

milliyvalyuta

O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining
2013 yil namunasidagi 5000 so’m qiymatidagi banknotasi

2013 yilning 1 iyulidan boshlab O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki qiymati 5000 so’m bo’lgan yangi pul biletlarini muomalaga chiqardi. O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qiymati 5000 so’m bo’lgan pul biletlari 144 x 78 mm. o’lchamdagi himoyalangan qog’ozda tayyorlangan. Banknotning o’ng tarafidagi keng oq rangli sathda O’zbekiston Respublikasi Gerbi va “5000” raqami ko’rinishida suv belgisi mavjud. Oq rangli sathning chap tarafidan qog’oz qatlamida golografik effektli ichkariga botuvchi himoya ipi o’tkazilgan.

Bilet old tomonining yuqori qismida “O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” yozuvi mavjud. Chap qismida naqshinkor elementlar fonida O’zbekiston Respublikasi Gerbi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida ettita raqamli nomeri bilan ikki lotin harfidan iborat seriyasi joylashgan. Naqshinkor ramkaning o’ng va chap burchaklarining quyi qismida, shuningdek, Gerbning o’ng tarafida biletning qiymatini bildiruvchi “5000” raqami tasvirlangan. Gerbning o’ng tarafidagi “5000” raqami ustiga yirik harflar bilan “SO’M” so’zi yozilgan. Ushbu tasvir tepasida bilet qiymati so’z bilan “BESH MING” ko’rsatilgan.

Naqshinkor ramkaning pastki qismida “O’ZBEKISTON SO’MI RESPUBLIKA HUDUDIDA HAMMA TO’LOVLAR UCHUN O’Z QIYMATI BO’YICHA QABUL QILINISHI SHART” yozuvi joylashgan. Banknotning jigarrang naqshinkor ramkasi, “O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” yozuvi, Gerb, o’ng va chap tomondagi “5000” raqamlari bo’rtib turadi, ushlab ko’rilganda seziladi. Oq rangli sathda joylashgan “5000” raqami uning diagonali bo’yicha farqlangan ikki xil rangda ishlangan. Raqam tepasida biletning nomeri va seriyasi takror ko’rsatilgan. Oq rangli sathning yuqori qismida qiyalik burchagining holatiga qarab rangini bronza rangidan yashil rangga o’zgartiruvchi va ushlab ko’rilganda bilinadigan bo’rtib turuvchi naqsh mavjud.

Naqsh tepasida banknot chiqarilgan yil “2013” ko’rsatilgan. Banknotning orqa tomoni chap qismidagi oq rangli sathda suv belgilari ko’rinadi. Oq rangdagi sathning yuqori va pastki qismlarida rangli naqshinkor bezaklar joylashgan bo’lib, pastki bezak ustida “5000” raqami aks ettirilgan. Banknotning markazida “OLIY MAJLIS” me’moriy binosi, bino gumbazining tepasida O’zbekiston Respublikasining rangli bayrog’i tasvirlangan. Rasmning yuqori chap burchagida bir-birini kesib o’tuvchi “5000” va “SO’M” yozuvlari mavjud bo’lib, ularning tepasida banknotning qiymati so’z bilan “BESH MING” ko’rsatilgan.

Ularning pastki qismida turli balandlikdagi, qiyalik burchagining holatiga qarab rangini yorqin tilla rangdan och yashil rangga o’zgartiruvchi ikkita “5000” raqamlari joylashgan. Shuningdek, banknotning “5000” raqamdagi qiymati uning yuqori o’ng burchagida ham tasvirlangan. Pastki qismida “O’ZBEKISTON SO’MINI QALBAKILASHTIRISH QONUNGA MUVOFIQ TAQIB QILINADI” yozuvi joylashgan. Muomalaga chiqarilayotgan qiymati 5000 so’m bo’lgan pul biletlari, ayni paytda muomalada bo’lgan pul belgilari va tangalar bilan bir qatorda, barcha xo’jalik yurituvchi sub’ektlar va aholi tomonidan o’z qiymati bo’yicha barcha turdagi to’lovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shart.

Manba: cbu.uz: O’zbekiston Respublikasi Markaziy Banki.

2017 yilning 10 martidan boshlab O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki qiymati 10 000 so’m bo’lgan banknot ko’rinishidagi yangi pul belgilarini muomalaga chiqaradi. Bu haqda Markaziy bank saytida xabar berildi.

O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qiymati 10 000 so’m bo’lgan pul belgilari 144 x 78 mm. o’lchamdagi himoyalangan qog’ozda tayyorlangan. Banknotning o’ng tarafidagi keng oq rangli sathda O’zbekiston Respublikasi Gerbi va “10000” raqami ko’rinishida suv belgisi mavjud. Oq rangli sathning chap tarafidan qog’oz qatlamida “Darcha” va “3D” effektli yuzaga chiqib, ichkariga botuvchi himoya ipi o’tkazilgan.1Banknot old tomonining yuqori qismida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” yozuvi mavjud. Chap qismida naqshinkor elementlar fonida O’zbekiston Respublikasi Gerbi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida yettita raqamli nomeri bilan ikki lotin harfidan iborat seriyasi joylashgan. Naqshinkor ramkaning o’ng va chap burchaklarining quyi qismida, shuningdek Gerbning o’ng tarafida “10000” raqami tasvirlangan bo’lib, banknotning qiymatini bildiradi.2Gerbning o’ng tarafidagi “10000” raqami ustiga yirik harflar bilan “SO‘M” so’zi yozilgan. Ushbu tasvir tepasida banknot qiymati so’z bilan “O‘N MING” ko’rsatilgan. Naqshinkor ramkaning pastki qismida “O‘ZBEKISTON SO‘MI RESPUBLIKA HUDUDIDA HAMMA TO‘LOVLAR UCHUN O‘Z QIYMATI BO‘YICHA QABUL QILINISHI SHART” yozuvi joylashgan.

Banknotning to’q ko’k rangli naqshinkor ramkasi, “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” yozuvi, Gerb, o’ng va chap tomondagi  “10000” raqamlari bo’rtib turadi, ushlab ko’rilganda seziladi.

Oq rangli sathda joylashgan “10000” raqami tepasida banknotning nomeri va seriyasi takror ko’rsatilgan. Oq rangli sathning yuqori qismida qiyalik burchagining holatiga qarab rangini o’zgartiruvchi va ushlab ko’rilganda bilinadigan bo’rtib turuvchi, tilla-bronza rangli sakkiz qirrali naqsh mavjud. Naqsh tepasida banknot chiqarilgan yil “2017” ko’rsatilgan.3Banknotning orqa tomoni chap qismidagi oq rangli sathda suv belgilari ko’rinadi. Oq rangdagi sathning yuqori va pastki qismlarida ko’k va binafsha rangda ishlangan naqshinkor bezaklar joylashgan bo’lib, pastki bezak ustida “10000” raqami aks ettirilgan.

Banknotning markazida “SENAT” me’moriy binosi, bino gumbazining tepasida O’zbekiston Respublikasining rangli bayrog’i tasvirlangan. Tasvirning yuqori chap burchagida bir-birini kesib o’tuvchi “10000” va “SO‘M” yozuvlari mavjud bo’lib, ularning tepasida banknotning qiymati so’z bilan “O‘N MING” ko’rsatilgan. Pastki qismida “O‘ZBEKISTON SO‘MINI QALBAKILASHTIRISH QONUNGA MUVOFIQ TA’QIB QILINADI” matni joylashgan.

Ushbu matnning ikki tomonida “10000” raqamlari, shuningdek banknotning eng yuqori qismida “O‘N MING SO‘M” yozuvi aks ettirilgan.

Markaziy bank axborotida qayd etilishicha, muomalaga chiqarilayotgan qiymati 10000 so’m bo’lgan pul belgilari, ayni paytda muomalada bo’lgan pul belgilari va tangalar bilan bir qatorda, barcha xo’jalik yurituvchi sub’ektlar va aholi tomonidan o’z qiymati bo’yicha barcha turdagi to’lovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shart.